Blogerlar vaynlaridagi g‘oyalarni qayerdan olishini aytdi

Blogerlar vaynlaridagi g‘oyalarni qayerdan olishini aytdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Bir necha bloger va vaynchilar o'z videolarining g'oyalarini asosan shaxsiy hayotlaridan, atrof-muhitdagi hayotdan ilhomlanishdan yoki jamoaviy ijodiy jarayondan oladi.
  • Zebo Raximova, Dilshoda Rustamjonova, Mo'min Ibrohimov va Ulug'bek ChatGPTdan foydalanmasliklarini, chunki bu sun'iylikni keltirib chiqarishini va ijodiy jarayonga salbiy ta'sir ko'rsatishini ta'kidladilar.

Bir necha bloger va vaynchilar Afisha'ga bergan intervyusida videolari uchun g‘oyalarni qayerdan olishi, ssenariy yozishda ChatGPTdan foydalanish-foydalanmasligi haqida gapirdi.

Ularga “Mavzularni qayerdan olasiz? Odamlarning hikoyalari va izohlarini o‘qiysizmi, hayotni kuzatasizmi yoki ko‘pchilik murojaat qilayotgan ChatGPTdan foydalanasizmi?” deya savol berildi.

Aktrisa va bloger Zebo Raximova ChatGPT yordamida yozilgan ssenariylarni yoqtirmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bunday matnlarda sun’iylik seziladi.

“ChatGPT qilib beradigan ssenariylarni yomon ko‘raman. Ko‘pchilikda ko‘rganman, shundoq seziladi — sun’iyligi bor, unda qalb yo‘q. Bizda ssenariylarni Umid aka yozadilar. To‘liq ularga ishonganmiz, juda zo‘r hazillar yozadilar”, dedi Zebo Raximova.

Dilshoda Rustamjonova esa videolaridagi g‘oyalarni asosan shaxsiy hayotidan olishini ta’kidladi.

“Faqat o‘z hayotimdan olib chiqaman. Hamma videolarimning 15–20 foizi shaxsiy hayotim bilan bog‘liq. ChatGPTdan umuman foydalanmayman”, dedi u.

Mo‘min Live jamoasi a’zosi Mo‘min Ibrohimov ham ChatGPTdan foydalanmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada 8–9 kishidan iborat ijodiy guruh shakllangan va g‘oyalar birgalikda ishlab chiqiladi.

“Bizda umumiy komanda bor. Hammamiz bir joyga o‘tirib, atrofimizdagi hayotdan ilhomlanamiz va turli tasavvuriy narsalarni o‘ylab topishga harakat qilamiz”, dedi Mo‘min Ibrohimov.

Mitti.me jamoasi a’zosi Ulug‘bek esa ijodkorlar ChatGPT yozgan matnni tezda payqashini ta’kidladi. Uning aytishicha, jamoa g‘oyalarni o‘zlari ishlab chiqadi va buning uchun ssenarist bilan hamkorlik qiladi.

“ChatGPTda yozilganini ijodkorlar bir qarashda biladi. Gap-so‘zlarning ketma-ketligidan ham seziladi. Shuning uchun biz tabiiy ilhomlanib, umumiy g‘oya va konsepsiyani o‘zimiz ishlab chiqamiz. Jamoamizda ssenarist bor, kerak bo‘lsa, qo‘shimcha ssenaristlarni ham jalb qilamiz”, dedi Ulug‘bek.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar