Otabek Madrahimov o‘z xarakteri haqida: “Men bilan ishlash qiyinligini o‘zim bilaman” (video)

Xonanda Otabek Madrahimov “SMusic” ko‘rsatuvidagi suhbatda o‘z xarakteri haqida ochiq gapirdi. U avvallari juda jahldor bo‘lgani, nohaqliklarga chiday olmagani va tez-tez bahslashib ketganini aytdi.
“Oldinlari olovday lovillab ketardim. Juda jahldor bo‘lganman. Jahldorligim sabab ko‘p odamlar bilan urushib ketardim. Nohaqliklarni yoqtirmasdim. To‘g‘risini aytaman, lekin buni o‘zimga minus bo‘layotganini, sog‘lig‘imga ta’sir qilayotganini tushunaman. Shuning uchun hozir iloji boricha indamay, ichimga yutishga harakat qilaman”, — dedi xonanda.
Madrahimov o‘zini talabchan va biroz injiq inson deb hisoblashini ham ta’kidladi.
“Talabchanman. Ikkinchidan, o‘zimga yarasha injiqligim bor. Nimadir yoqmasa, nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha narsani qilmayman. Shu sababli butun ijodiy guruhimdagi hammaga bosh egib rahmatimni aytaman. Chunki men bilan ishlash qiyinligini o‘zim bilaman, Xudo biladi. Men juda ham, ruschasiga aytganda, «samokritichniy» insonman”, — deya fikr bildirdi u.
Suhbat davomida boshlovchi xonandadan bunday xarakterdagi inson bilan birga yashash qiyin emasmi, deb so‘radi.
“Qiyin, juda qiyin. Shuning uchun hayotda endi ellikka to‘lgan bo‘lsam-da, ko‘p narsani ko‘rdim deb aytmayman. Lekin o‘zimga yarasha ko‘p narsani ko‘rdim. Hozir birinchi o‘rinda mashg‘ul bo‘layotgan narsam — ijodim va sog‘lig‘im”, — dedi Otabek Madrahimov.






























Izohlar 0
…