Zeekr 9X Qozogʻistonda «koʻr» boʻlib qoldi: Xitoydan tashqarida funksiyalar bloklandi

Xitoyning premium elektrokar ishlab chiqaruvchisi Zeekr oʻz avtomobillarining xalqaro chegaralarni kesib oʻtishidagi qatʼiy cheklovlari tufayli yana diqqat markaziga tushdi. Xususan, Zeekr 9X yoʻltanlamasining egasi Xitoydan Yevropa tomon yoʻl olganida, Qozogʻiston hududiga oʻtishi bilan avtomobilning bir qator intellektual va mexanik funksiyalari bloklanib qolgan. Ushbu holat zamonaviy «aqlli» avtomobillarning dasturiy taʼminoti egasining xohishidan koʻra ishlab chiqaruvchining nazoratiga koʻproq bogʻliqligini koʻrsatmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com nashrining xabar berishicha, Lyu familiyali haydovchi taxminan 73 500 dollar evaziga xarid qilgan yangi Zeekr 9X avtomobilida uzoq safarga chiqqan. Safardan avval u rasmiy dilerda texnik koʻrikdan oʻtgan va chegara kesib oʻtish rejalari haqida maʼlum qilgan. Biroq, dilerlik markazi uni elektron tizimlardagi cheklovlar haqida ogohlantirmagan. 16-iyul kuni Qozogʻiston hududiga kirgach, avtomobil kutilmaganda «notoʻgʻri ishlash» rejimiga oʻtib qolgan.
Egasining soʻzlariga koʻra, blokirovka natijasida navigatsiya tizimi butunlay oʻchgan, yukxona qopqogʻi va hatto yonilgʻi baki (yoki quvvatlash porti) qopqogʻini elektron boshqarish imkoniyati yoʻqolgan. Tizim 30 soatdan ortiq vaqt davomida bloklangan holatda qolgan, bu esa haydovchi uchun kutilmagan qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.
Xavfsizlik mexanizmi yoki nazorat?
Zeekr kompaniyasi ushbu holatga rasmiy munosabat bildirib, buni avtomobilning oʻrnatilgan himoya mexanizmi bilan izohladi. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, tizim avtomobil Xitoy hududidan tashqarida ekanligini aniqlagan va oʻgʻrilik hamda noqonuniy eksportga qarshi himoya funksiyasini ishga tushirgan. Kompaniya avtomobilning asosiy funksiyalari — boshqaruv, tormoz tizimi va transmissiya hech qachon bloklanmasligini, faqat qoʻshimcha servislar cheklanishini qayd etgan.Shuningdek, ishlab chiqaruvchi baʼzi funksiyalarni, masalan, quvvatlash portini salondagi jismoniy tugmalar orqali qoʻlda ochish mumkinligini eslatib oʻtdi. Foydalanuvchi safarning qonuniyligini tasdiqlaganidan soʻng, maxsus avtorizatsiya kodi orqali cheklovlar yechilishi mumkin. Lyu ismli mijozning murojaatidan soʻng, uning avtomobilidagi tizim soʻrovlari oʻchirib tashlangan va funksiyalar tiklangan.
Biroq, bu vaqtinchalik yechim boʻlib chiqishi mumkin. Kompaniya ogohlantirishicha, vaqtinchalik blokdan chiqarish faqat bitta mintaqa uchun amal qiladi. Agar avtomobil bir nechta davlatlar chegarasini kesib oʻtsa, tizim yana qaytadan bloklanishi xavfi mavjud. Bu esa «parallel import» orqali olib kelingan avtomobillar egalari uchun jiddiy signaldir.
Oʻzbekiston bozorida ham Zeekr modellari, xususan Zeekr 001 va Zeekr X juda ommalashgan. Ushbu voqea mahalliy haydovchilar uchun ham muhim ahamiyatga ega, chunki rasmiy kafolatsiz yoki Xitoy ichki bozori uchun moʻljallangan dasturiy taʼminot bilan jihozlangan avtomobillar kelajakda shunga oʻxshash «geoblokirovka» muammolariga duch kelishi ehtimoli yuqori.






























Izohlar 0
…