23:36 / 18.09.2018
9 732

“Bravo”ning konsertiga munosabat: komediyaga aylangan fahsh...

“Bravo”ning konsertiga munosabat: komediyaga aylangan fahsh...
Ushbu maqolada jurnalist Xurshid Serobov oʻzbek kulgu sanʼati maishiy-intim mavzudan chiqib keta olmayotgani haqida mulohaza yuritadi.

Keyingi yillarda Hojiboy Tojiboyev kabi “xalqdan olib xalqqa beradigan” qiziqchilar soni nihoyatda kamayib bormoqda. Ayniqsa, qiziqchilar jamoasining teatrlashgan konsert dasturlari internetda eng koʻp koʻrilayotgan, muhokama boʻlayotgan dasturlarga aylanib ulgurdi.

Yaqinda diski chiqib tezda ommalashib ketgan “Million” jamoasining yangi konsert dasturini “Youtube”da 9 mln. 392 mingdan ortiq kishi koʻrgan. Jamoaning toʻrt aʼzosi guruhdan ketganini maʼlum qilib, yangi “Milliy art” jamoasini tuzishgan. “Beldan pastga” hazil qilsa-da, kamida 9 mln. 392 ming muxlisi bor yangi jamoa “milliy sanʼat” koʻrsatmoqchi boʻldi. Konsert dasturi taqdim etishayotganda esa yangi jamoa “Bravo” deb nomlanganiga guvoh boʻldik.

“Bravo” jamoasi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida 11 – 16-sentyabr kunlari ilk konsert dasturini taqdim etdi. Konsertdan avval internetda jamoa aʼzosi Otabek Mirzaxolovning intervyusi tarqalgan edi. Unda Otabek Mirzaxolov yangi jamoa “+18” hazillar qilmasligini, jamiyatdagi muammo va kamchiliklarni hajv qilishini aytib oʻtgandi.

Konsert dasturiga odam nima maqsadda kiradi? Sanʼat saroyi eshigi yonida kutib turgan, oʻzini talaba deb tanishtirgan muxlislardan biriga shu savolni berdim. “Million»dan zoʻr chiqsa kerak. Men maza qilish uchun kirayapman. Qizlarning ustidan kulamiz, yangi prikollar chiqib qolar” degan javobni eshitdim.

Aksar yoshlar “trendga yangi prikol qoʻshish” uchun kirishadi. Kimnidir mazax qilish uchun “Bravo” jamoasi ishlatgan “mazax”lardan foydalaniladi.

Jamoadan yangi narsa (taxminan bugun jamiyatda urchib yotgan korrupsiya, GM mashinalari narxining toʻxtovsiz oshishi, laganbardorlik va hokazolar hajv qilinishini) kutgan holda sanʼat saroyiga kirdim.

Dastur bir necha qismga boʻlingan. Dastlabki qismda salomlashuv va qisqa hazillar. Salomlashuvning oʻzidayoq “beldan tepaga” chiqmagan qiziqchilar maqsadlarini bildirishdi.

“Qatortol”, “yama”, “ot” va hokazo soʻzlarga urgʻu berilib, ulardan kulgi yasashga urinilgan.

“Angliyada oʻrta asrlardagi sud” nomli teatrlashgan sahna koʻrinishida bugungi odamlar feʼlidagi ayyorlik, kaltabinlik kabi jihatlar hajv qilingan. Bir qarashda “Angliya sudi”, “oʻrta asr” kabi izohlar “jamiyat”ni yashirishdek tuyuladi. Tomoshabinni tagmaʼno chiqarishga undaydi. Lekin hazillar tobora maydalashib “erotik kulgi”dan uyogʻiga oʻta olmagan.

Yana bir hajviy koʻrinishda urushdan qaytgan er xotini bilan uxlab yotibdi. Shunda toʻsatdan er “otaman, paq-paq” deb shovqin qiladi. Xotin esa qofiyali gapiradi: “Adasi, otsayiz oting, boʻmasa yoting”.

Albatta, butun zal gurros kuladi. Uyat nima edi oʻzi deb oʻylanib qoladi odam. Oʻzim ham beixtiyor kulaman, lekin nahotki bu gaplar sahnada aytilayapti degan pafosda qolaman.

Keyingilarini kuzatamiz.

“Robinzon Kruzo va Jumavoy” nomli teatrlashgan sahna koʻrinishi yaxshi prolog bilan boshlangan. “Robinzon”ning parodiyasi sifatida taqdim etilgan bu sahna koʻrinishida “Robinzon” chiqib, “Xayriyat, bu yerda falon odamlar, falon laganbardorlar yoʻq” deb toza sferaga kelib qolgandek gapiradi. Jumavoy chiqib kelishi bilan “sahna koʻrinishi” yana komik seksizmga aylana boshlaydi.

Dasturda eʼtiborli bir sahna kuzatildi: chekka qishloqlardan biriga TV xodimlari keladi. Shunda boshlovchi sodda bir odamga “Necha pul oylik olasiz?” deydi. “Sodda odam” boshlovchiga qarab “Oylik… nima u?” deydi va qoʻshib qoʻyadi: “Shahardagi odamlar qilgan ishiga pul oladimi?” Biroz boʻrttirilgan hajv boʻlsa-da, oylik ish haqi masalasidagi ijtimoiy muammo satirik usulda biroz ochilgan.

“Qishloqdagi bitiruv kechasi” sahna koʻrinishi koʻpchilikni qiziqtirdi. Katta yoshlilarni yoshlikka qaytaradigan, koʻp narsalarni eslatadigan yaxshi koʻrinish. Koʻrinishda uzoq yillardan beri taqiqda yurgan Dadaxon Hasanning “Bir kecha mehmoning boʻlay” qoʻshigʻi ijro etildi. Lekin qoʻshiqdan ham muxlislarda “erotik kulgi”ni uygʻotish uchun foydalanilgan. Agar shu koʻrinishdan xulosa chiqarish mumkin boʻlsa, anglashiladigan holat: maktab oʻquvchilari fahshdan boshqa narsani oʻylamaydi.

Yana bir teatrlashtirilgan koʻrinish “Uch yillik harbiy xizmatda” deb nomlangan. Harbiy xizmat hayotidan kulgili holatlarni istagancha topsa boʻlardi, lekin “sanʼatkorlar” yana “fahsh”dan kulgi izlashgan. Koʻrinishning bir joyida askar yigitni yotqizib uning ustidan kulish sahnasi bor. Bu shunchaki kulish emas, geylikka ishora bor. Shu joyiga kelganda tomoshabinda yomon kayfiyat paydo boʻladi. Bu sahna chidab boʻlmaydigan sahna.

Qiziqchilar jamiyatdagi muammolarni satirik fosh qilishi orqali sanʼatkorlik darajasini koʻrsatadi. Lekin “Bravo” jamoasi maishiy mavzular orasida qolib ketgan va sahna etikasini unutgan.

Hojiboy Tojiboyevning “xalqdan olib xalqqa berish” tamoyilini “bravo”chilar ham oʻzlashtirgan boʻlsa xalqimizda shunday beparda gaplar koʻp. Lekin sahna etikasida bu gaplar filtrlanishi kerak. Axir sanʼat ahlida “sahna – muqaddas” degan aqida bor. Sahnaga “fahsh soʻz”larni olib kelib shu bilan tomosha koʻrsatgan “Bravo” jamoasi komediya niqobidagi fahsh targʻibotida yana bir qadam tashladi.

4200 kishi konsertdan qanday “maʼnaviy oziq” olib chiqqanini qoʻya turaylik. Agar bu dastur disk holida chiqsa, “Youtube”ga qoʻyilib, yana 9 million odam koʻrsa, demak, keladigan bekatimizga kelganimiz haqiqat. Buning oldini olish kerak. “Oʻzbekkonsert” badiiy kengashi dasturni koʻrdimikan degan savol bor.

Konsert dasturidan xulosa bitta: “Bravo” jamoasi intim gaplar bilan kuldiradi, xolos! Komediyaga aylangan fahsh uchun “bravo”!
Xurshid Serobov

Manba: turon24.uz

Eslatma! Muallifning fikri sayt fikridan farqlanishi mumkin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Bravo”ning konsertiga munosabat: komediyaga aylangan fahsh...