22:15 / 28.11.2018
4 601

“Skorpion” filmi prodyuseri: “ Birinchi bo‘lish hech qachon hech kimga oson kechmagan”

“Skorpion” filmi prodyuseri: “ Birinchi bo‘lish hech qachon hech kimga oson kechmagan”
Yoshlar ijod saroyida “PROlogue” IV xalqaro kinofestivalining ochilish marosimida gala-taqdimoti bo‘lib o‘tgan, o‘tkir syujetli ekshn va triller janrlarida suratga olingan “Skorpion” badiiy filmi ijodkorlari bilan matbuot anjumani uyushtirildi.

Unda kinokartina rejissyori Muxlisa Azizova, prodyuser Oybek Abdushukurov, film operatori, o‘zbek tomoshabinlariga “Welcome to Bukhara” roligi orqali yaxshi tanish bo‘lgan Maks Tsui (Germaniya), ikkinchi ssenarist Abdug‘ani Saidov, shuningdek, aktyorlar Farhod Mahmudov, Yulduz Rajabova, Ra’no Shodiyeva qatnashdi.

Tadbir quruq ma’ruzalar bilan emas, balki qizg‘in savol-javoblar ostida kechdi. Har bir jurnalist o‘zini qiziqtirgan savoliga batafsil javob oldi. Aytish kerakki, bunda film ijodkorlarining jurnalistlar bilan yaqin bo‘lishga intilgani, tez orada xalqqa taqdim etiladigan mazkur megaloyihaning ertaga oddiy tomoshabin uchun ham tushunarli bo‘lishini ta’minlash, tug‘ilishi muqarrar bo‘lgan savollarga hozirdanoq javob berishga sa’y-harakat qilingani katta ahamiyat kasb etdi.

Matbuot anjumanidan so‘ng kinokartina prodyuseri O. Abdushukurovni suhbatga tortdik.

— Film ustida qariyb uch yil ishlandi, — dedi u. — Avvalo, ssenariy yozib bo‘lingach, biz ijodiy jamoani qanday va kimlar bilan to‘ldirish ustida jiddiy izlandik. Kartinamizning zamonaviy jahon kinematografiyasidan mustahkam o‘rin olishini maqsad qilgan holda, o‘zimizning tajribali va yuksak mahoratli san’atkorlarimizdan tashqari, turkiyalik taniqli aktyor Murat Yildirim hamda rossiyalik artist Vyacheslav Razbegayevning xizmatidan ham foydalandik.

Bundan tashqari, ssenariy muallifi sifatida amerikalik ssenarist Bob Andervudni, operator sifatida esa asli xitoylik, ammo bugungi kunda Germaniyada yashab ijod qilayotgan tajribali Maks Tsuini jalb etdik. Ovoz ustida ishlash jarayoni “Mosfilm” kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Rang-tasvir ustida “Legenda (“Afsona”) 17”, “Dvijeniye vverx” (“Yuksaklikka intilib”), “Viking” singari kinokartinalarda ishlagan “Color Kitchen” (Rossiya) kompaniyasi ish olib bordi.

Bugun kino — mafkura quroli emas. Dunyo miqyosida olganda ham, kino ko‘ngilochar ashyoga aylangan. Filmni yaratarkanmiz, odamlar qandaydir mafkuradan bahra topish ilinjida emas, dam olish, charchoqlarini unutish uchun film tomosha qilishini hisobga oldik. Ammo ana shu oddiylik zamiriga Vatan, uning taqdiri har birimizga bog‘liq ekanini anglatuvchi detallarni kiritdik. Tan olamiz, kamchiliklar bisyordir, lekin bu aynan shu yo‘nalishda birinchi ekanimiz uchun, desam, adashmayman. Bizdan keyingilar, albatta, mukammal film ishlashadi, deb ishonaman. Birinchi bo‘lish esa hech qachon hech kimga oson kechmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Skorpion” filmi prodyuseri: “ Birinchi bo‘lish hech qachon hech kimga oson kechmagan”