14:57 / 21.09.2021
756

Adrenalin sababmi yoki hayratda qoldirish istagi? Kaskadyorsiz ishlaydigan aktyorlar

Adrenalin sababmi yoki hayratda qoldirish istagi? Kaskadyorsiz ishlaydigan aktyorlar
Hamma ham qonni junbushga keltiradigan va nafas ichga tushib ketadigan kino sahnalarni yaxshi ko‘rsa kerak. Ba’zida bitta ekstremal sahnani suratga olish uchun kunlar va oylar kerak bo‘ladi. Cosmopolitan nashri nafaqat o‘z rollarini professional darajada ijro etgan, balki barcha xavfli sahnalarni mustaqil bajarishga jur’at etgan aktyorlar haqida ma’lumot beradi.

Tom Kruz – «Uddalab bo‘lmas topshiriq»

Foto: Cosmopolitan
Tom Kruz Gollivuddagi faoliyatini endi boshlagan paytlarda ekstremal sahnalarda o‘zi o‘ynashdan qo‘rqqan, bunday ishlarni dublyorlarga topshirishni ma’qul ko‘rgan. Ammo aktyor «Uddalab bo‘lmas topshiriq» franshizasida Markaziy razvedka boshqarmasi agenti Itan Hant rolini qo‘lga kiritib, film prodyuserlaridan biriga aylangach, hammasi butkul o‘zgardi. Aynan shu kinofilmda Tom Kruz kaskadyorlik mashqlarini mustaqil ravishda bajara boshladi: parashyutdagi parvozlar, jarliklarga sakrash va motosikl poygalari shular jumlasidan. Hozirgi vaqtda aktyor rejissyor va prodyuserlarning o‘zini asrashi va bunday ishlarni kaskadyorga berishi kerakligi haqidagi gapiga parvo ham qilmaydi.

Xloya Greys Morets — «Kallakesarlar»

Foto: Cosmopolitan
Jinoyatchilikka qarshi kurashga qaror qilgan o‘smirlar haqidagi komiksning ekranlashtirilgan ajoyib varianti. Xloya Greys Morets mazkur filmda o‘ynaganda 12 yoshda bo‘lgan. Suratga olish ishlariga nihoyatda jiddiy yondashilgan, aktrisa hatto kaskadyorlik kurslariga qatnashishiga to‘g‘ri kelgan. Gap shundaki, ijodkorlar Xloyaning jismoniy holatiga mos keladigan dublyor topa olishmagan, shuning uchun Mores barcha murakkab tryuklarni o‘zi bajargan.

Xarrison Ford — «Indiana Jons va taqdir ibodatxonasi»

Foto: Cosmopolitan
Xarrison Ford har doim tavakkal qilishga va eng qiyin harakatlarni bajarish uchun o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishga tayyor. Indiana Jonsning ajoyib sarguzashtlarini hayajonli sahnalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Filmning suratga olish ishlarida Xarrisonni o‘ta xavfli harakatlardan qaytarishga urinishgan, lekin aktyor har doim mustaqil ishlashni talab qilgan. Masalan, vertolyotdan sakrash va avariya sahnalarini Fordning o‘zi bajargan. Haqiqiy hayotda ham u ekstremal sportga qiziqadi va shaxsiy samolyotini o‘zi boshqaradi.

Anjelina Joli — «Lara Kroft: Hayot beshigi»

Foto: Cosmopolitan
Anjelina Joli ham bu borada bor kuchi bilan harakat qilishga tayyor. Masalan, lordning jasur qizi haqidagi «Lara Kroft: Hayot beshigi» sarguzasht filmida aktrisa hatto kuyish jarohati bilan kasalxonaga olib ketilgan, chunki suratga olish paytida Jolining pijamasi yonib ketgan. Bu film uchun Anjelina jang san’ati bo‘yicha saboq olishi, yuk mashinalarida tryuklar bajarishi va karnizda yurishni o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan. Natijada juda ajoyib sahnalar yaratilgan.

Jeyson Stethem — «Yuk tashuvchi»

Foto: Cosmopolitan
Jeyson Stethem – kino olamiga sport orqali kirib kelgan aktyorlardan biri. Stethem 12 yil davomida Buyuk Britaniya milliy terma jamoasining suvga sho‘ng‘ish bo‘yicha a’zosi, shu bilan birga, jang san’ati mutaxassisi hisoblanadi. Shuning uchun ham filmlardagi xavfli sahnalarni ijro etish Jeyson uchun muammo emas. Bu borada «Yuk tashuvchi» filmini alohida ta’kidlash kerak, chunki mashinada amalga oshirilgan o‘sha mashhur sahna aktyorga qimmatga tushishiga oz qolgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » Adrenalin sababmi yoki hayratda qoldirish istagi? Kaskadyorsiz ishlaydigan aktyorlar
[/banner_pushhouse