17:43 / 09.03.2022
4 044

O‘zbekistonlik taniqli vaynerlarning Instagram’dagi reklama narxi qancha?

O‘zbekistonlik taniqli vaynerlarning Instagram’dagi reklama narxi qancha?
O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgach, karantin davrida tiktoker va vaynerlar ijodi yanada gurkiradi. Kaftdek smartfon orqali mashhurlikka erishayotgan yigit-qizlarning video chiqishlari tez ommalashmoqda, ularni millionlab odamlar kuzatmoqda. Vaynerlarga o‘z mahsulotini reklama qildirayotgan tadbirkorlar ham yo‘q emas. «Daryo» bugungi kundagi eng taniqli vaynerlar mahsulot yoki xizmat turini Instagram sahifasida qancha mablag‘ga reklama qilishiga qiziqdi.

Surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, mashhur vaynerlarning sahifasidagi eng arzon reklama narxi 300 dollar, eng qimmati esa 3 000 dollarni tashkil etadi.

Ozod Xurramov

Fotokollaj: «Daryo»
Liil Xurramov taxallusi bilan tanilgan Ozod Xurramovning 1,6 million obunachisi bor. Uning Instagram sahifasidagi stories’ga 15 sekundlik reklama joylash narxi 500 dollar, lentaga bir daqiqalik reklama videoni joylashtirish esa 2 000 dollarni tashkil etadi.

«Afandining qizlari»

Foto: Instagram
Uch rezident qizlardan iborat «Afandining qizlari» jamoasi jamiyatdagi qator og‘riqli muammolarni olib chiqishi bilan omma nazariga tushgan. Ular, asosan, bank xizmat turlari va ayollar kiyim-kechaklarini reklama qiladi. Guruh a’zolari: Nigora Abdullaxonova, Muborak Abdullayeva hamda Nigina Jabborova reklamani stories’ga joylash uchun 900 dollar, lentaga joylashga esa 1 800 dollar haq oladi. Mazkur to‘lovni amalga oshirgan tadbirkor mahsuloti uchala vaynerning ham Instagram sahifasiga joylanadi.

Dili.me

Fotokollaj: «Daryo»
Aktyor sifatida ham muxlislarini topayotgan Dili.me’ning Instagram tarmog‘ida 1,8 million odam kuzatadi. U 15 sekundlik reklamani stories’ga joylash uchun 500 dollar oladi. Lentaga reklama joylashtirish narxi 2 500 dollar bo‘lib, u vaynerning sahifasidan hech qachon olib tashlanmaydi.

Ozoda

Fotokollaj: «Daryo»
1,1 million kuzatuvchiga ega Ozodaning Instagram sahifasidagi stories’ga reklama joylash narxi 300 dollardan 500 dollargacha, akkauntiga reklama joylashtirish esa 1 500 dollardan 2 500 dollargachani tashkil etadi.

Timur Alixonov

Foto: Instagram /@alixonov_timur
537 ming kuzatuvchisi bo‘lgan Timur Alixonovning ham sahifasidagi stories’ga 15 sekundlik reklama joylashtirish 500 dollar turadi. Mahsulotini lentada reklama qildirish niyatidagi tadbirkorlar esa 2 000 dollar to‘lashi lozim.

Xonzoda

Foto: Instagram /@xanna_official
Xanna taxallusi ostida faoliyat yurituvchi Xonzodaning folloverlari soni 1,3 million nafar. U o‘zi qatnashgan 15 sekundlik reklamani stories’ga 400 dollarga joylaydi. Agar tayyor reklama bo‘lsa, bu narx 100 dollarga arzonlab, 300 dollarni tashkil etadi. Lentaga reklama joylash esa 1 000 dollar.

Mitti.vine

Foto: Instagram /@mittivine
Mitti.vine taxallusi bilan mashhurlikka erishgan Farhod Mannopovning obunachilari 780 mingdan ortiq bo‘lib, akkauntidagi stories’ga reklama joylashtirish narxi 400 dollardan 700 dollargacha turadi. Mahsulot yoki xizmat turini lentada reklama qilish esa 2 500 dollar etib belgilangan.

Mitti.me

Fotokollaj: «Daryo»
Asl ism-familiyasi Ulug‘bek Shodibekov bo‘lgan vayner Mitti.me salkam 900 ming folloverga ega. Uning sahifasida reklama joylashtirish boshqa blogerlarga nisbatan biroz qimmat. 30 sekundlik reklamani stories’ga joylashi 700 dollar. Akkauntiga reklama joylashtirish esa 3 000 dollarni tashkil etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekistonlik taniqli vaynerlarning Instagram’dagi reklama narxi qancha?