17:27 / 31.01.2025
32

Deputatlar diniy sohadagi davlat siyosati kontseptsiyasini ishlab chiqdi

Deputatlar diniy sohadagi davlat siyosati kontseptsiyasini ishlab chiqdi
31 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta'minlash va diniy sohadagi davlat siyosati kontseptsiyasi» loyihasi koʻrib chiqilib, birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Ushbu kontseptsiyani ishlab chiqqan tashabbuskor deputatlar guruhining rahbari, deputat Jahongir Shirinov hujjat haqida batafsil ma'lumot berdi. Shirinovga koʻra, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qoʻyish, fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan, tovar-xizmatlardan foydalanishga boʻlgan huquqlarni cheklash, ayrim davlat xizmatchilarning dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi hamda jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur etkazuvchi gʻoya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.

«Bunday holatlar yagona Oʻzbekiston xalqi, jamiyat va davlat hamjihatligiga xatar boʻlib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga oʻzgarishiga, vatanparvarlik tuygʻulari emirilishiga hamda oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin. Diniy sohada davlat siyosatining aniq koʻrsatilmasligi uni aholi oʻrtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatli vaziyatlar kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, uning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e'tiborsizlik, zamon bilan hamqadam boʻlmaslik – mamlakatning global raqobat maydonidagi munosib oʻrin egallash yoʻlini murakkablashtiradi», — deydi Jahongir Shirinov.

Qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan mazkur Kontseptsiya loyihasi 7 ta bob, 41 ta banddan iborat. Kontseptsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi 10 ta vazifa belgilab berilmoqda. Hujjatga koʻra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni va dunyoviylikni ta'minlashdan iborat.

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilar:
  • fuqarolarning qonun oldida tengligini ta'minlash va kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;
  • koʻp millatli va konfessiyali xalqning urf-odatlariga hurmat ruhini mustahkamlash;
  • fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtiroki uchun teng huquqiy sharoitlar yaratish;
  • diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda vijdon erkinligini amalga oshirishga sharoitlar yaratish;
  • davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiyaga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
  • davlat xizmati va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida hamda ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solish;
  • diniy bagʻrikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash;
  • davlat xizmatchilari oʻz kasbiy faoliyatida biror dinga ustunlik berishi yoki kamsitishiga yoʻl qoʻymaslik;
  • jahon ilm-fani va madaniyatining ilgʻor yutuqlaridan bahramand boʻlgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
  • radikallashuvga qarshi kurash, ekstrimizm va terrorizm gʻoyalari tarqalishga yoʻl qoʻymaslik.

Diniy sohadagi davlat siyosati 6 ta printsipga boʻlinadi, bular – qonuniylik, vijdon erkinligi, dinning davlatdan ajratilganligi, tenglik, erkin fikrlash, dinlararo muloqot va oʻzaro tushunish.

Diniy sohadagi davlat siyosatining 3 ta ustuvor yoʻnalishi va uni amalga oshirish mexanizmlari ham belgilanmoqda.

Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini izchil roʻyobga chiqarish, jamiyatda konfessiyalararo munosabatlarni yanada mustahkamlash. Ushbu yoʻnalishda vijdon erkinligi kafolatini ta'minlash, diniy tashkilotlar bilan hamkorlikni vakolatli davlat organi orqali muvofiqlashtirish, diniy rasm-rusumlarni xavfsiz oʻtkazish boʻyicha davlat organlari bilan hamkorlikni ta'minlash, sohada yuqori malakali xodimlarni tayyorlashga koʻmaklashish va diniy ta'lim muassasalarida qonunchilik hujjatlari oʻqitilishi uchun sharoit yaratish, fuqarolar xabardorligini oshirish kabilarni oʻz ichiga oladi.

Dinlarning ilmiy-madaniy merosini oʻrganish, dinshunoslik va diniy sohadagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Bu yoʻnalishda dinshunoslik boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, diniy sohadagi ilmiy-ma'rifiy tadbirlarini tashkil etish, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha ilmiy tadqiqot loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, aholining diniy-ijtimoiy jarayonlariga munosabati boʻyicha sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish kabi faoliyatlar amalga oshiriladi.

Fuqarolarning vijdon erkinligiga va jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashishga qaratilgan. Ushbu yoʻnalishda diniy radikallashuvga yoʻl qoʻymaslik, radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar gʻoyalari ta'siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, dinning jamiyat va davlat hayotidagi muhim oʻrnini ochib berish yoʻnalishida media sohasi vakillari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, axborot makonida dindan qonunga xilof ravishda va siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlarini oldini olish, vijdon erkinligi sohasida qonunchilikni buzish holatlariga oʻz vaqtida munosabat bildirish, milliy va diniy adovat gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallar tarqatishni cheklash, diniy taassublar ta'sirida sodir etiladigan jinoyatlarni barvaqt oldini olish kabi masalalar koʻzda tutilgan.

Deputat Jahongir Shirinovga koʻra, kontseptsiyani ishlab chiqishda huquqshunoslar, tarixchilar, siyosatshunoslar, filologlar, faylasuf va dinshunoslar qatnashgan. Shuningdek, qator xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganilgani, Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimizda ham shunday kontseptsiyalar borligi qayd etildi.

Kontseptsiya loyihasi va uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda, qoʻshimcha savollarsiz qabul qilindi va uni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish boʻyicha qaror qabul qilindi. Deputat Alisher Qodirovga koʻra, ushbu kontseptsiyada yanglish talqinlar va izohlar bilan bogʻliq muammolar bor, lekin hujjatni ikkinchi oʻqishda buni toʻgʻrilash nazarda tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, hujjat Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e'lon qilinadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston