«Orolga tashrif» xalqaro avtosayohat loyihasi doirasida ishtirokchilar tarixiy va madaniy boyliklari bilan mashhur bo‘lgan Samarqand hamda Buxoro viloyatlariga tashrif buyurdilar. Ushbu avtosayohat O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan, SamAuto hamkorligi va Tegeta Motors kompaniyasining amaliy ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etishni maqsad qilgan.
Sayyohlar Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi, Registon majmuasi, Shohizinda yodgorliklari bilan tanishdilar. Buxoroda esa Poyi Kalon, Labi Hovuz, Ark Qal’asi kabi tarixiy joylarni ziyorat qilishdi. Ular nafaqat me’moriy obidalar bilan, balki mahalliy hunarmandchilik markazlari, kulolchilik, zargarlik va milliy ipakchilik faoliyati bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Avtosayohatchilar mahalliy oshxonalarda o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lib, cho‘zma palov, shurva, qurutob va somsa kabi noz-ne’matlarni tatib ko‘rdilar. Shuningdek, ular o‘zbek xalqiga xos samimiylik va mehmondo‘stlik an’analariga guvoh bo‘ldilar.
Tashrif mobaynida ishtirokchilar o‘z taassurotlarini turli ijtimoiy tarmoqlar, shaxsiy bloglar va ommaviy axborot vositalari orqali real vaqtda yoritib borishdi. Bu esa nafaqat Samarqand va Buxoro turizm salohiyatining keng targ‘ib etilishiga, balki O‘zbekistonning xalqaro turistik imijini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Loyiha ishtirokchilari, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasiga ham tashrif buyurishlari kutilmoqda. Bu esa ekologik va etnoturizm yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda. Xalqaro avtosayohat orqali turizm orqali hamkorlikni kengaytirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning musbat obrazini jahon jamoatchiligiga yetkazish maqsad qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!