Buxoroda O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qator muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan viloyat ichki ishlar organlarining 37 nafar xodimiga zamonaviy besh qavatli uylardan yangi xonadonlar topshirildi. Ushbu tadbir xodimlar va ularning oilalari hayotida katta tarixiy voqea sifatida yodda qolishi shubhasiz.
Tantanali marosimda ichki ishlar tizimi xodimlari, ularning yaqinlari, mahalliy faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari v.b. Ulug‘bek Shukurlayevning ta’kidlashicha, davlatning bu kabi tashabbuslari xodimlarning mehnatiga berilgan yuksak e’tirof hisoblanadi.
Tadbirda Buxoro viloyati IIB boshlig‘i Ikromjon Tursunov ham nutq so‘zlab, ichki ishlar organlarini isloh qilish va tizimni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, moddiy-texnika bazani mustahkamlash, xizmatchilarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish va ular uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hukumat siyosatida muhim o‘rin egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda viloyatda 371 nafar profilaktika inspektori shaxsiy uylari bilan ta’minlangan hamda imtiyozli kreditlar asosida yengil avtomobillarga ega bo‘lgan. 2019 yilda esa yana 30 nafar ichki ishlar xodimi ko‘p qavatli uylarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bunday amaliy ishlar yil sayin izchil davom etmoqda va xizmatchilarning turmush darajasini yaxshilashda muhim omilga aylanmoqda.
Marosim chog‘ida uy kalitini qabul qilib olgan xodimlardan biri — Zarina Jo‘rayeva o‘zining minnatdorchiligini bildirdi. U oilasi bilan uzoq vaqt ijara uyda yashab kelganini, bu esa turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarganini aytib o‘tdi. Endi esa yangi, zamonaviy xonadon ularning hayotiga katta qulaylik olib kelishiga ishonch bildirdi. Yangi uylar atrofida umumiy o‘rta ta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim muassasasi mavjudligi esa bu qulaylikni yanada oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!