date

O‘zbekistonda 14 ta yangi muhandislik maktabi ochiladi

O‘zbekistonda 14 ta yangi muhandislik maktabi ochiladi

O‘zbekistonda texnik va muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan yangi tahsil platformasi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uni zamonaviy talablarga moslashtirish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda muhim tashabbuslar ilgari surildi. Davlat rahbari tomonidan muhandislik va aniq fanlar sohasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida mamlakatning 14 ta hududida yangi muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Bu maktablar yangi avlod muhandislarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.

Ushbu ta’lim muassasalarida qabul tanlov asosida amalga oshiriladi, o‘quv jarayoni esa STEM modeli asosida tashkil etiladi. Besh yillik ta’lim dasturi doirasida yoshlarga yuqori malakali muhandislik bilimlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur maktablar Yangi O‘zbekiston universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning ilg‘or tajribasi asosida faoliyat yuritadi. Ularda ta’lim bepul — to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Qolaversa, 2026 yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun “Eng yaxshi muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkazilishi ham belgilangan.

Tabiiy fanlarni chuqurlashtirilgan o‘qitishni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha hududlarda maxsus ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa o‘quvchilarning ilmiy va texnik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda 14 ta yangi muhandislik maktabi ochiladi