«Tashabbusli budjet» jarayonining joriy yilgi ikkinchi mavsumi yakunlariga ko‘ra, dastlab g‘olib bo‘lmagan 35 ta loyiha uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratildi. Mazkur tashabbus mahalliy kengashlar tomonidan ko‘rilgan choralar va ajratilgan mablag‘lar orqali amalga oshirildi.
Xususan, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari qarorlariga asosan mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 47 milliard 657 million so‘m ajratildi. Bu mablag‘ esa g‘olib bo‘lmagan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkonini berdi. Natijada yana 35 ta loyiha qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topildi va ularni amalga oshirish uchun moliya ajratildi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibga muvofiq, xalq deputatlari kengashlariga mahalliy budjetdagi qo‘shimcha mablag‘larning bir qismini aynan shunday yo‘nalishga sarflash, ya’ni g‘olib bo‘lmagan, ammo aholi uchun ahamiyatli bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish vakolati berilgan.
Bu esa «Tashabbusli budjet» jarayonining samaradorligini oshirish bilan birga, aholi takliflariga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, mazkur tartib orqali ko‘pchilikning ovozini olgan, ammo dastlab mablag‘ yetarli bo‘lmagan loyihalar hayotga tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Tashabbusli budjet» jarayonining 2025 yilgi ikkinchi mavsumida jami 11 milliondan ziyod ovoz to‘plangan. Uning natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 3,2 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 2 332 ta loyiha g‘olib deb topilgan edi.
«Tashabbusli budjet»da 35 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib bo‘ldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar