O‘zbekistonda ayrim sun’iy intellekt loyihalariga 6 oygacha bepul resurs ajratiladi

O‘zbekistonda ayrim sun’iy intellekt loyihalariga 6 oygacha bepul resurs ajratiladi

O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega ayrim loyihalar uchun davlatning sun’iy intellekt infratuzilmasidan olti oygacha bepul yoki imtiyozli foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 oktyabrdagi 581-son qarorida belgilangan.

Imkoniyat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirishga mas’ul maslahatchilari loyihalari uchun mo‘ljallangan. Resurslar Raqamli texnologiyalar vazirligining sun’iy intellekt infratuzilmasi orqali taqdim etiladi.

Har oy 10 milliontagacha bepul token

Katta til modellari texnologiyasidan foydalanadigan loyihalar olti oygacha har bir kalendar oyida 10 milliontagacha tokenni bepul qayta ishlashi mumkin. Token — sun’iy intellekt matnni qayta ishlashda foydalanadigan birlik bo‘lib, uning hajmi matn va tilga qarab farq qiladi.

Belgilangan limitdan ko‘proq resurs kerak bo‘lsa, qo‘shimcha 50 milliontagacha token uchun tariflar asosida 50 foizlik chegirma qo‘llanadi. Bir oyda foydalanilmagan bepul tokenlar keyingi oyga o‘tkazilmaydi.

Katta til modellaridan tashqari boshqa sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, sinash, tekshirish, baholash va ishlatish uchun ham resurs ajratiladi. Bunda foydalanuvchining arizasiga asosan olti oygacha jami 120 gigabaytdan oshmaydigan videoxotiradan foydalanish mumkin.

Loyihalar qanday tanlanadi?

Bepul yoki imtiyozli resurslardan foydalanish huquqi tanlov orqali beriladi. Tanlovlar yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida o‘tkaziladi. Loyihalar 100 ballik tizim asosida baholanadi.

Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar natijalar e’lon qilinganidan keyin uch ish kuni ichida elektron shaklda apellyatsiya yuborishi mumkin. Shikoyatlar besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Nizomga ko‘ra, bir foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida faqat bitta loyiha doirasida ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, ajratilgan resurslar yordamida olingan ma’lumotlarni belgilangan maqsaddan tashqari qayta ishlash, uchinchi shaxslarga berish, nusxalash, tarqatish yoki tijorat maqsadlarida ishlatish taqiqlanadi. Qonunchilik hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan holatlar bundan mustasno.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar