date

XDP moped va skuterga “prava” talabini kechiktirishni taklif qildi

XDP moped va skuterga “prava” talabini kechiktirishni taklif qildi
Xalq demokratik partiyasi 1 oktyabrdan kuchga kirishi kutilgan moped hamda skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda partiya e’lon qilgan rasmiy bayonot orqali ma’lum qilindi.

Bayonotda ta’kidlanishicha: “Moped va skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talabini kelasi yilga qoldirish, shuningdek, guvohnoma va davlat raqamini olish muddatlari hamda to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaymiz”. Shu bilan birga, masala yuzasidan tegishli tartibda deputatlik so‘rovi kiritilishi ham aytildi.

Partiya keltirgan raqamlarga ko‘ra, bugungi kunda 130 mingga yaqin yoshlar kuryerlik xizmatida mehnat qilmoqda. Ular asosan velosiped, moped va skuter orqali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yangi tartib kuchga kirsa, bir kunda yuz minglab yoshlar ishsiz va daromad manbaisiz qolishi xavfi borligi ta’kidlandi.

XDPning fikricha, moped hamda skuter uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishiga ajratilgan vaqt yetarli emas. “To‘g‘ri, hukumat tomonidan muddat uzaytirilgan. Ammo talabgorlarning katta sonini hisobga olganda, hujjat talab qilishning bu qisqa vaqt ichida qanchalik maqsadga muvofiqligi yana bir bor ko‘rib chiqilishi lozim. Chunki bu yo‘nalishda mehnat qilayotgan fuqarolar ko‘p hollarda o‘zini ta’minlashga intilib, hech kimdan yordam kutmasdan moddiy muammolarini hal qilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Partiya muammoni hal qilishning innovatsion va aholiga qiyinchilik tug‘dirmaydigan yechimlarini topish zarurligini ham ta’kidladi. “Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ahamiyati yuqori bo‘lgan masala yuzasidan davlatimiz siyosatiga munosib yechim topishni so‘raymiz va bu bo‘yicha tegishli deputatlik so‘rovini kiritamiz”, — deya xulosa qilindi partiya munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 9 avgustda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 1 oktyabrdan moped va skuter haydovchilari “A” toifali haydovchilik guvohnomasi olishi shart. Ilgari mazkur talab 1 martdan 1 oktyabrga surilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » XDP moped va skuterga “prava” talabini kechiktirishni taklif qildi