O‘zbekistonning Jizzax viloyati, Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi (AES) hududiga alohida temir yo‘l tarmog‘i quriladi. Bu haqda 6-oktyabr kuni tashkil etilgan press-turda AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, logistika masalalari hozirda faol hal etilmoqda. Qurilish uchun zarur materiallar va uskunalarning bir qismi aynan temir yo‘l orqali yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yangi temir yo‘l yo‘nalishi loyihalashtirildi.
Ta’kidlanishicha, yangi temir yo‘l liniyasi taxminan 9 kilometr uzunlikda bo‘ladi. Mazkur yo‘l orqali AES uchun muhim bo‘lgan og‘ir uskunalar, jumladan Rossiyada ishlab chiqarilayotgan reaktor qismlari ham olib kelinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston hozirda Qozog‘iston bilan AES uchun zarur yuklarni mamlakat hududi orqali olib o‘tish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu ham xalqaro logistika yo‘lagini shakllantirishda muhim bosqichlardan biridir.
AES qurilishi bo‘yicha “Rosatom” bilan hamkorlikda yil yakunigacha qo‘shimcha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ammo loyihada qo‘llaniladigan uranning boyitilishi masalasi hozircha ochiqlanmagan — bu mavzu "biroz yopiq" deb baholandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!