22:59 / 11.01.2017
6 950

Besh yil davomida aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish yaxshilanadi

Besh yil davomida aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish yaxshilanadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Qaror avtotransport xizmatlari bilan ta’minlash sohasini yanada takomillashtirish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish va atmosferaga zararli tashlamalarni qisqartirish maqsadida qabul qilindi. Buning uchun 2017−2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Bu davr mobaynida 303 ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, ulardan 240 tasini (79,2 foizi) shahar atrofida va qishloq joylardan o‘tadigan shaharlararo qatnovlarda ochish nazarda tutilmoqda. Yangi yo‘nalishlar ochish bilan birgalikda, asosan avtobuslar etishmasligi tufayli qatnov to‘xtatilgan yo‘nalishlar tiklanadi.

Kelgusi 5 yilda 8600 ta yo‘lovchi tashish avtomobili, shu jumladan, 5700 ta umumiy foydalanishga qulay mikroavtobus sotib olinadi.

Avtostansiyalar, to‘xtash bekatlari yengil konstruksiyalardan va asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan arzon materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich-panellar va shu kabilardan) foydalangan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha quriladi.

Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida avtobus va mikroavtobuslarning ishini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatishni.

2018 yilning 1 iyul sanasiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar transportida yo‘l haqini bank plastik kartochkasida naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga tarkibiy va institusional o‘zgartirish, xizmatlar bozori shakllanishi va rivojlanishiga hamda avtomobillarda tashish xavfsizligi masalalarini hal qilish uchun maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tizimli asosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuklanmoqda. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining aholi bilan veb-sayt, «ishonch telefonlari» orqali muloqotining amaliy mexanizmi ta’minlanadi.

Kelgusi 5 yil mobaynida Dasturni moliyalashtirishga 840 milliard so‘mdan ziyod, asosan «O‘zavtosanoat-lizing» va boshqa lizing kompaniyalarining mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, xususiy investorlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, mahalliy byudjetlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Qarorda lizing kompaniyalari va tashuvchilarning o‘zlari yangi sotib oladigan mikroavtobuslar uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lanadigan yig‘im to‘lovidan ozod qilinishi nazarda tutilgan.

Chetdan keltiriladigan va respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, avtobuslar va mikroavtobuslarning ishini onlayn rejimida (GPS) muntazam tarzda masofadan kuzatib borishni, shuningdek, yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini joriy etish uchun mo‘ljallangan barcha materiallar, asbob-uskunalar, detallar bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinishi ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, yuridik shaxslar shahar atrofidagi va viloyatlar ichidagi shaharlararo yo‘nalishlarda (qishloq joylarda) avtobuslarda yo‘lovchilar tashish hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovidan ozod qilinmoqda.

Qarorning amalga oshirilishi yo‘lovchilar tashish xavfsizligini, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatining yuqori darajasini, jamoat transporti yo‘nalishlaridagi transport vositalari harakatining belgilangan jadvallari va oraliqlari maromiga rioya etilishini, avtotransportda yo‘lovchilar tashish sohasida iste’molchilarning huquqlari samarali himoya qilinishini hamda tashuvchilarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Besh yil davomida aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish yaxshilanadi