date

Toshkentda havo sifatini yaxshilash uchun sun’iy ko‘llar quriladi

Toshkentda havo sifatini yaxshilash uchun sun’iy ko‘llar quriladi

Toshkent shahrida atmosfera havosining sifatini yaxshilash va mikroiqlim barqarorligini ta’minlash maqsadida sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Farmonga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zsuvtaminot” AJ bilan hamkorlikda uch oy muddatda Toshkentning sharq, g‘arb, shimol va janub hududlarida kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzalari barpo etishi kerak. Ular havodagi changni kamaytirish, mikroiqlimni stabil saqlash va bioekologiyani yaxshilashga xizmat qiladi.

Farmonda yoz va kuz fasllarida asosiy yo‘llar bo‘yidagi daraxt va butalarni haftasiga uch marta, kunning birinchi yarmida yuvib turish vazifasi ham belgilangan. Bu chora shahar ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligidagi hududlardagi daraxtlar va o‘simliklarni sug‘orish uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan vaqtli cheklov – bahor va yoz mavsumida bekor qilinadi. Endi soat 23:59 dan 05:00 gacha amal qilgan cheklov tatbiq etilmaydi.

Biroq ichimlik suvini boshqa maqsadlarda ishlatishga doir amaldagi cheklovlar o‘z kuchida qoladi. Bu esa suvdan faqat maqsadli va mas’uliyat bilan foydalanishga qaratilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida favvoralar soni ikki barobarga oshiriladi. Ushbu loyihalar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda havo sifatini yaxshilash uchun sun’iy ko‘llar quriladi