date

Mahdumi A’zam qadamjosi keng ko‘lamda obod qilinmoqda

Mahdumi A’zam qadamjosi keng ko‘lamda obod qilinmoqda

Prezidentimiz Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani, Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Bu ziyoratgohni obod qilish bo‘yicha loyiha bilan davlat rahbari shu yilning mart oyida tanishgan edi.

Mahdumi A’zam aslida hozirgi Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. U naqshbandiya ta’limotining yirik rahnamolaridan biri bo‘lib, yoshlikda Farg‘onada ta’lim olib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi Mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida yetuk pir bo‘lgan.

U tariqat ilmi bo‘yicha 30 dan ortiq asar yozgan, ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Shu diniy va ilmiy xizmatlari uchun unga "Mahdumi A’zam" unvoni berilgan. U Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.

Yalangtosh Bahodir ushbu zot qabrini yod etish uchun bu yerda dahma, katta masjid va madrasa qurdirdi. U o‘zi ham vafotidan so‘ng shu yerda dafn etilgan. Ziyoratgohda 50 dan ortiq qabr toshlari saqlanib qolgan.

Bu yerda ikki nafar Afg‘oniston hukmdori ham dafn etilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Qabr toshlarining ko‘pchiligi yozuvlari bilan birga o‘rganilgan.

Loyiha doirasida ziyoratgoh hududida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Maydoni 5 gektarga yaqin bo‘lgan ziyoratgohda zamonaviy infratuzilma barpo etilmoqda.

Ziyoratchilar uchun uch qavatli avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona, ma’muriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qo‘shimcha ayvonlar qurilmoqda. Bu loyihalar keluvchilarga maksimal qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Rekonstruksiyadan so‘ng bu ziyoratgoh bir vaqtning o‘zida 35 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich atigi 5 ming kishi edi.

Shuningdek, hududda 40 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etiladi. Daraxtlar ekilib, bog‘ va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

Prezident ziyoratgohda Qur’on tilovatini tingladi, daraxt ekdi va allomaning ruhini yodga oldi. Yana-da obod qilish va asrlarga tatigulik daraxtlar ekish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mahdumi A’zam qadamjosi keng ko‘lamda obod qilinmoqda