Bitiruvchilarning diplomlari Yevropa va rivojlangan davlatlarda tan olinadi

O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining Kimyo va biologiya bakalavriat yo‘nalishlari hamda shu fanlar bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, akkreditatsiya 16 yanvar kuni rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishlar mamlakatda ilk bor ASIIN akkreditatsiyasini qo‘lga kiritgan ta’lim dasturlari hisoblanadi. Bu natija universitetdagi ta’lim mezonlari, o‘quv jarayoni sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda ilmiy faoliyatning xalqaro talablarga mosligini tasdiqlaydi.
Ta’kidlanishicha, 2030 yil 30 sentyabrgacha amal qiladigan sertifikatlar ushbu yo‘nalish bitiruvchilari diplomlarining Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarda tan olinishi uchun zamin yaratadi. Shuningdek, bitiruvchilarning xorijda o‘qishi, ilmiy izlanish olib borishi va kimyo-biologiya yo‘nalishlarida xalqaro mehnat bozoriga chiqishi uchun imkoniyatlar kengayadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!