Rossiyada 119-elementni sintez qilish uchun berkliy nishonlari tayyorlandi

Rossiyaning "Yangi atom va energetika texnologiyalari" milliy loyihasi doirasida Mendeleyev jadvalining 119-elementini sintez qilish uchun muhim komponentlar ishlab chiqildi. Atom reaktorlari ilmiy-tadqiqot instituti (NIIAR) mutaxassislari berkliy-249 izotopini muvaffaqiyatli ishlab chiqarib, undan tezlatgich nishoni segmentlarini shakllantirdilar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu murakkab vazifani bajarish uchun SM-3 tadqiqot reaktorida transplutoniy elementlari izotoplarini olishning maxsus texnologiyasi ishlab chiqildi. Tayyorlangan nishonlar tajriba oʻtkazish uchun Dubnadagi Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti (OIYAI) qoshidagi Flerov nomidagi yadro reaksiyalari laboratoriyasiga yuboriladi.
NIIAR boʻlimi rahbari Oleg Andreyevning taʼkidlashicha, mazkur eksperimentga tayyorgarlik koʻrish uchun qariyb besh yil vaqt sarflandi. Loyihada nafaqat Rossiya mutaxassislari, balki koʻplab hamkor davlatlar olimlari ham ishtirok etmoqda. Tadqiqotning dastlabki natijalari joriy yilning sentyabr yoki oktyabr oylarida eʼlon qilinishi kutilmoqda.
NIIAR va OIYAI oʻrtasidagi oʻta ogʻir elementlarni sintez qilish boʻyicha hamkorlik 20 yildan ortiq vaqtdan beri davom etib kelmoqda. Avvalroq ushbu muassasalarning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida davriy jadvalning 115, 116, 117 va 118-elementlari kashf etilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!