Toshkent metropoliteni rekord darajadagi yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent metropolitenidan foydalanayotgan yo‘lovchilar soni so‘nggi yillarda sezilarli ravishda oshgan. Xususan, 2025 yil davomida poytaxt metrosi orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan.
Bu ko‘rsatkich 2000 yil bilan solishtirilganda ancha yuqori ekani ko‘rinadi. O‘sha davrda Toshkent metrosidan 125,7 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, oradan 25 yil o‘tib ushbu raqam 161,1 million nafarga ko‘paygan. Natijada metro xizmatidan foydalanish hajmi qariyb 2,3 baravar oshgan.
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2000 yillarning o‘rtalaridan boshlab yo‘lovchilar sonida pasayish kuzatilgan, biroq keyingi yillarda bu ko‘rsatkich yana tiklana boshlagan. Ayniqsa, 2021 yildan keyin metrodan foydalanuvchilar soni jadal sur’atda ortib, 2024 yilda 270,3 millionga, 2025 yilda esa 286,8 millionga yetgan.
Statistik ma’lumotlar orasida 2020 yil alohida ajralib turadi. O‘sha yili metropoliten xizmatidan foydalanganlar soni 38,8 million nafargacha tushib ketgan. Shundan keyin esa ko‘rsatkich izchil o‘sib, poytaxt metrosi yana eng ommabop jamoat transporti vositalaridan biriga aylangan.
Umuman olganda, so‘nggi chorak asr davomida Toshkent metrosi yo‘lovchi tashish hajmini sezilarli darajada oshirib, poytaxt transport tizimining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri ekanini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!