Harbiylar pensiyasining oshirilishi: Qonun loyihasi Oliy Majlisda qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini pensiya bilan ta’minlashdagi tartibni takomillashtirish, pensiya tayinlash shartlari, turlari va miqdorlarini yaxshilashga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda ish haqining inobatga olinadigan ulushi 75 foizdan 100 foizgacha oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, pensiya hisoblash bazasini 10 baravardan 12 baravarga oshirish ham nazarda tutiladi.
Hujjatning maqsadi uzoq yillar davomida xizmat qilgan harbiylarni rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va harbiy xizmatning jozibadorligini oshirishdir.
Qonunning qabul qilinishi pensiya ta’minoti tizimida yagona va barqaror mexanizmlarni shakllantirishga yordam beradi, deya ta’kidladi deputatlar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!