O‘zbekistonning 9 ta viloyatida 15–22 may kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik sabab sel xavfi e’lon qilindi

“O‘zgidromet” 15–22 may kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik sabab O‘zbekistonning ayrim hududlarida sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ayniqsa tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ehtiyot choralarini kuchaytirish tavsiya qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yomg‘ir suvlari ayrim joylarda to‘planib, pastqam hududlarni suv bosish xavfini oshirishi mumkin. Shu sababli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tumanlarida ogohlikka chaqirildi.
Xavf ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlar qatorida Yakkabog‘, Dehqonobod, Sariosiyo, Boysun, Urgut, Nurota, Zomin, Bo‘stonliq, Parkent, Pop, So‘x, Andijon, Asaka va boshqa tumanlar bor. Shuningdek, Angren, Olmaliq va Xonabod shaharlarida ham ehtiyotkorlik talab etiladi.
Mutaxassislar tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘ yo‘llarida harakatlanayotgan haydovchilardan xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda. Zarurat bo‘lmaganda xavfli hududlarga bormaslik tavsiya etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!