Kiberfiribgarlarning yangi tuzogʻi: dronlar hujumidan ogohlantiruvchi soxta saytlar

Kiberfiribgarlarning yangi tuzogʻi: dronlar hujumidan ogohlantiruvchi soxta saytlar

Kiberjinoyatchilar aholining xavfsizlik borasidagi xavotirlaridan foydalangan holda yangi turdagi firibgarlik sxemasini ishga tushirishdi. Endilikda ular dronlar hujumidan ogohlantiruvchi va yaqin atrofdagi boshpanalar manzillarini koʻrsatuvchi soxta resurslar orqali foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini oʻgʻirlashga urinmoqda. Bu haqda F6 kiberxavfsizlik kompaniyasi mutaxassislari maʼlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Firibgarlar asosan “Radar” yoki “Systema opovesheniya” kabi nomlar ostida soxta saytlar yaratib, ularni Telegram kanallari, mahalla va tuman guruhlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar orqali tarqatishmoqda. Mazkur resurslar foydalanuvchiga goʻyoki xavf haqida tezkor bildirishnomalar yuborish xizmatini taklif qiladi.

Firibgarlik sxemasi qanday ishlaydi?

Foydalanuvchi bunday saytga kirganda, undan “bildirishnomalarni ulash” uchun maxsus 6 xonali kodni kiritish soʻraladi. Kod kiritilgach, tizim goʻyoki foydalanuvchining davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti buzilgani haqida soxta xabar chiqaradi. Vahimaga tushgan jabrlanuvchiga muammoni hal qilish uchun “qaynoq liniya” raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.

Aslida esa, ushbu qoʻngʻiroq orqali firibgarlar “qoʻllab-quvvatlash xizmati xodimi” niqobi ostida foydalanuvchidan maxfiy maʼlumotlarni, parollarni yoki bank kartasi tafsilotlarini bilib olishga harakat qilishadi. Bu usul psixologik bosim va shoshilinch qaror qabul qilishga majburlashga asoslangan.

CERT F6 xizmati tashabbusi bilan qisqa vaqt ichida beshta shunday yirik soxta resurs bloklangan boʻlsa-da, kiberjinoyatchilar yangi domenlar va manzillar ostida ushbu sxemani davom ettirmoqda. Mutaxassislar bunday havolalarga kirmaslikni va faqat rasmiy davlat organlari maʼlumotlariga tayanishni tavsiya qilmoqda.

Oʻzbekistonlik foydalanuvchilar uchun ham ushbu holat muhim ogohlantirish boʻlishi lozim. Telegram kabi platformalarda turli shubhali havolalar va “xavfsizlik tizimlari” haqidagi xabarlar tarqalganda, doimo resursning rasmiyligini tekshirish zarur. Kiberxavfsizlik qoidalariga koʻra, hech qachon shubhali saytlarda shaxsiy kodlarni kiritmaslik va notanish raqamlarga qoʻngʻiroq qilmaslik kerak.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar