10-sinf o‘quvchilari ham texnikumda o‘qishi mumkin

O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyati berildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 450-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentda belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishi mumkin. Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash bo‘yicha ham yagona tartib joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron shaklda topshirish mumkin.
Qaror bilan kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi ham belgilanmoqda. Davlat xizmatlarini YAIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yaratish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tegishli tizim ishlab chiqiladi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun hujjat topshirish jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…