O‘zbekistonda dam olish kunlari yomg‘ir va iliq havo kutilmoqda

Dam olish kunlari O‘zbekistonda iliq va asosan quruq ob-havo kuzatiladi. Biroq ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kechalari havo harorati 10–15 daraja, kunduzi esa 25–27 daraja atrofida bo‘ladi. Janubiy hududlar va cho‘l zonalarining ayrim joylarida harorat 29–32 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
10 oktyabr kuni kechqurun g‘arbiy hududlarga nam havo massalari kirib kela boshlaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
11 oktyabr kuni yog‘ingarchilik respublika hududlarining boshqa qismlariga ham tarqaladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, kunning ikkinchi yarmida cho‘l hududlari va janubda, kechqurun esa markaziy viloyatlarning ayrim joylarida yomg‘ir kutilmoqda. Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi.
Hududlarning aksariyatida iliq havo saqlanib qoladi. Faqat mamlakatning shimoli-g‘arbida harorat 18–23 darajagacha pasayishi mumkin. Shamol yo‘nalishini sharqdan g‘arbga o‘zgartirib, soniyasiga 7–12 metr tezlikda esadi.
Tog‘li hududlarda 9–11 oktyabr kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 11 oktyabr kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel hamda suv toshqini yuzaga kelishi xavfi bor.
Toshkentda esa bugun va dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan soniyasiga 3–8 metr tezlikda esadi. Poytaxtda kechalari harorat 13–15 daraja, kunduzi esa 25–27 daraja bo‘lishi prognoz qilingan.






























Izohlar 0
…