16:55 / 08.02.2023
470

“Manchester Siti”ni APLdan “quvib” yuborishlari mumkin

“Manchester Siti”ni APLdan “quvib” yuborishlari mumkin
Angliya Premer ligasi “shaharliklar”ning ko‘plab qonunbuzarliklari borasida rasmiy bayonot bilan chiqdi. Gap 2009-2018 yillar oralig‘ida amalga oshirilgan jinoyatlar haqida bormoqda. Agar ayblov o‘z isbotini topsa, manchesterliklar APLdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi hech gap emas. Ayni damda “Siti” juda murakkab vaziyatga tushib qolgan.

Nimalar bo‘lyapti?

Aslida, Liga rahbarlari deyarli 4 yil davomida “Manchester Siti”ning moliyaviy hisobotlari aks etgan hujjatlarni o‘rganib kelgan. Faqat bugunga kelibgina bu sir oshkor qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, APL “Siti”ni 100 dan ortiq jinoyatni sodir etganlikda ayblamoqda. 9 mavsum davomida moliyaviy cheklovlarni aylanib o‘tgan klub sud oldida javob berishi mumkin. Eng qizig‘i shundaki, "shaharliklar" ularga qarshi yashirin tarzda tekshiruv olib borilayotganidan xabardor bo‘lgan, ammo hamkorlikda ishlash borasida tushgan taklifni rad etgan.

Asosiy ayblovlar MSning daromadi bilan bog‘liq. Shuningdek, Ligaga taqdim etilgan moliyaviy hisobotlarda ham yolg‘on ma’lumotlar bor ekanligi aniqlangan. Masalan, 2009/2010 - 2012/13 mavsumlarda faoliyat olib borgan Roberto Manchiniga yashirin tarzda to‘langan mukofot pullari yorqin misollardan biri. Bundan tashqari, "Siti" moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgan. Faqatgina bir mavsum emas, naqd 4 yil (2013/14 - 2017/18) bu ishni takrorlagan. Shuningdek, klublarda daromad va barqarlik borasidagi nizomni ham aylanib o‘tish holati bir nechta epizodda kuzatilgani aytilmoqda.

Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?

Premer liganing ma’lum qilishicha, yig‘ilgan "kompramat"lar mustaqil komissiyaga topshirilgan. Endi, yopiq tarzda o‘tishi kutilayotgan Liga qoidalariga asoslangan sud jarayoni boshlanadi. Vaziyat keskin bo‘lishiga qaramay, Liganing asosiy rahbarlari vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan.

“Shaharliklar” rahbarlari esa, anchagina sovuqqonlik bilan qaror qabul qilishda davom etmoqda. Ingliz jurnalistlarining ma’lum qilishicha, rahbariyat bo‘layotgan vaziyatdan zarracha tashvishlanayotgani yo‘q. Boz ustiga, klub rasmiy saytida jamoa hech narsadan qo‘rqmasligi ochiqchasiga ma’lum qilindi.

Qanday jazo kutib turibdi?

“Manchester Siti” har doim moliyaviy ayblovlarni rad etib kelgan. E’tiborli tomoni, klub bundan avval UYEFA tomonidan shunga o‘xshash ayblovlar borasida sudlashgan, yakunda narigi tomon barcha ayblovlarni olib tashlashga majbur bo‘lgan edi. O‘sha voqeadan so‘ng futbol olami “Manchester Siti”ning yuristlar kompaniyasi qay darajada kuchli ekani haqida uzoq vaqt tinimsiz fikr bildirgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Ko‘plab ingliz nashrlari “Siti” huquqshunoslari allaqachon APL tomonidan qo‘yilgan barcha ayblovlarning miridan-sirigacha o‘rganishni boshlab yuborgani haqida yozmoqda. Demak, bu safar ham “shaharliklar” qonun doirasida so‘nggi tomchi qoni qolguniga qadar jang qiladi.

Agar mustaqil komissiya klubni aybdor deb topsa, manchesterliklar jazo tariqasida juda katta summadagi jarima to‘lashi yoki APLdan Chempionshipga tushib ketishi mumkin. Oldinda bizni uzoq vaqt davom etadigan qiziqarli sud jarayoni kutib turibdi. O‘rtaga “Siti” rahbarlari obro‘si va klubning imiji tikilgan. UYEFAdan farqli o‘laroq, APL bu jangga yaxshi tayyorgarlik bilan kelgan. Shunday ekan, bu yil “Siti” tarixida “o‘zgacha” nom qoldirishi ehtimoli juda yuqori!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti”ni APLdan “quvib” yuborishlari mumkin