Eron U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Abdulsamad Marfoviy Osiyo Kubogi musobaqasi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashdi.
- Eron U-20 turnirga qanday tayyorgarlik ko‘rgani haqida qisqacha aytib bersangiz...
- Biz bu yerda bo‘lib turganimizdan hursandmiz. Farg‘ona shahri bizni iliq kutib oldi. OFKga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Fikrimcha, barcha terma jamoalar turnirga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, chunki bu musobaqa juda katta ahamiyatga ega. Biz ham istisno emasmiz va musobaqaga iloji boricha kuchli tayyorlandik.
- Birinchi uchrashuvdagi raqibingiz Qatar terma jamoasining kuchli va kuchsiz jihatlari haqida nima deya olasiz?
- Qatar ancha kuchli terma jamoa. Saralash bosqichida birinchilardan bo‘lib ushbu turnirga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi, ikki jamoa ham kuchli deb o‘ylayman. Qatar terma jamoasida akademiyalar va futbolchilarga yaratib berilgan sharoit ajoyib darajada. Bizda iqtidorli o‘yinchilar bor va ularning katta kelajagi borligiga ishonaman.
- Eron terma jamoasi Osiyo Kubogida favoritlardan biri va juda kuchli. Eron terma jamoasining musobaqadagi asosiy maqsadi qanday, musobaqada g‘olib bo‘lishmi yoxud asosiy terma jamoaga mahoratli o‘yinchilarni yetkazib berishmi?
- Bizning birinchi va asosiy maqsadimiz – Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish va shundan so‘ng Osiyo chempionligiga erishish. Eron terma jamoasi ushbu musobaqada g‘olib bo‘lmaganiga ancha bo‘ldi, shuningdek, biz iqtidorli o‘yinchilarni asosiy terma jamoaga yetkazib berishimiz kerak.
- Eron futbolida avvaldan kuchli hujumchilar bo‘lgan va ushbu yoshdagi terma jamoada ham yaxshi hujumchilarni kutsak bo‘ladimi?
- Umid qilamanki, ushbu avloddan ham kuchli goleador chiqadi. Aytib o‘tganingizdek, Eron terma jamoasida kuchli hujumchilar ko‘p bo‘lgan. Masalan, Ali Dai va Sardor Azmun kabilar yetishib chiqqan.
"B" guruhi doirasidagi Qatar – Eron uchrashuvi bugun Farg‘onadagi "Istiqlol" o‘yingohida 19:00 da start oladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring