date
views 852

Shomurodovning ustozi kelajagi haqida hech kim kutmagan muhim gap aytdi

Shomurodovning ustozi kelajagi haqida hech kim kutmagan muhim gap aytdi

Klaudio Raneri jahon futbolida o‘z nomi va hurmatiga ega katta yutuqlarga erishgan mashhur murabbiylardan hisoblanadi.

Italiyalik mutaxassisga “Kalyari”ni quyi ligadan A Seriyaga olib chiqish uchun atigi yarim mavsum kifoya qildi. Endi italyan futboli ekspertlari bu murabbiy qo‘l ostidagi jamoa yuqori divizionda qanday o‘yin ko‘rsatishiga qiziqib turibdi.

Raneri yangi mavsum oldidan tarkibda sezilarli o‘zgarishlar qildi. Klub hujumchilardan Eldor Shomurodov, himoyachilardan Tommazo Audjello, Alessandro Di Pardo, yarim himoyachilardan Yakub Yankto, Ibrohim Sulemana, darvozabonlardan Simone Skuffet kabi o‘yinchilarni transfer qildi. Yana besh nafar futbolchi boshqa jamoalardagi ijara muddatini yakunlab, murabbiylar shtabi ixtiyoriga yetib keldi.

“Kalyari” mutasaddilari bosh murabbiy Klaudio Raneri rejasiga kiritilmagan yetti nafar o‘yinchini boshqa jamoalarga o‘tkazib yubordi.

Ta’kidlash joizki, Raneri hali tarkibni to‘liq shakllantirib ulgurgani yo‘q. Bunga asosiy o‘yinchilardan bir nechtasi tayyorgarlik jarayonida jarohat olgani sabab bo‘ldi. Klub rahbariyati hozir bitta markaziy hujumchi va ikki nafar tajribali himoyachi transferi bo‘yicha ish olib bormoqda.

Klaudio Ranerining o‘zi mavsum rasman boshlanishi oldidan kelajagi haqida gapirdi. 71 yoshli mutaxassisning so‘zlari Italiya futboli ishqibozlarini befarq qoldirgani yo‘q.

- Men “Kalyari” murabbiylik faoliyatimdagi so‘nggi jamoam bo‘ladi, deb yakuniy qarorga keldim. Faqatgina o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan milliy terma jamoada ishlash uchun qarorimni o‘zgartirishim mumkin xolos.

Professional murabbiylik kareram “Kalyari”da boshlangan. 35 yil muqaddam “Kalyari”dan ishga taklif bo‘yicha qo‘ng‘iroq bo‘lganida hayotim o‘zgarib ketdi. O‘shanda murabbiy bo‘lishim mumkinligini ham bilmasdim.

O‘shanda biz bir-ikki mavsum davomida V Seriyaga chiqish haqida orzu qilardik. Biroq, ikki yil ichida S Seriyadan eng yuqori divizionga chiqishni uddaladik. Shundan beri qalbim “Kalyari”ga bog‘langan.

“Lester Siti” bilan Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqqanimni unutdim. Bu jamoani chetga surib qo‘ydim. Nafaqaga chiqqanimda o‘sha g‘alabani eslab, rohatlanaman. Xuddi “Kalyari”ni yuqori divizionga olib chiqqanim yoki “Roma” bilan ikkinchi o‘rinni egallaganim kabi. Men oddiy odamman, o‘tmish xotiralariga bog‘lanib qolmayman. Ertangi kunni o‘ylab yashayman.

“Kalyari” so‘nggi jamoam bo‘ladi, dedim. Lekin qancha muddatga qolishimni hali aytmadim. Balki bu jamoada yana 20 yil ishlarman. Bu klubda meni hech narsa yuta olmagan davrimizda ham qadrlashar edi.

Har doim o‘zimni munosib tutganman. Bahona qidirmayman, hakamlar ortidan yugurmayman, aybni ularga ag‘darmayman. Eng muhimi – natija. Men futbolchilarimga har doim “Oxirigacha kurashsangiz, har qanday narsani o‘z bo‘ynimga olaman”, deb tayinlayman, - dedi Klaudio Raneri.

Klaudio Raneri jamoasi uchun mavsum rasman 12 avgust kuni boshlanadi. “Kalyari” shu kuni Italiya kubogi doirasida Sardiniyada “Palermo” futbolchilarini qabul qiladi.

Sardiniyaliklar A Seriyaning birinchi uchrashuvini 20 avgust kuni Turinda “Torino” jamoasiga qarshi o‘tkazishi belgilangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning ustozi kelajagi haqida hech kim kutmagan muhim gap aytdi