18:00 / 31.08.2023
749

Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi, sababi...

Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi, sababi...

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng yaxshi to‘purari Eldor Shomurodov hurmatidan A Seriyada “Kalyari” klubiga muxlislik qila boshladi.

Biroq, o‘zbek legioneri Italiyadagi to‘rtinchi jamoasida ham boshlang‘ich tarkibga kira olmayapti. Avvaliga, Eldorni asosiy ikki hujumchidan biri sifatida o‘ynatishni rejalashtirgan Klaudio Raneri endi uni bir necha daqiqaga zaxiradan tushirmoqda.

Italiyalik mutaxassis bu qarorlarini Shomurodov ta’tildan keyin optimal sport formasini tiklab ulgurmagani bilan izohlayapti.

"Kalyari"ning eng zaif nuqtasi bugungi kunda hujum chizig‘i bo‘lib turibdi. Sardiniyaliklar A Seriyada hali birorta gol urgani yo‘q. Bu jamoa vakillari ikki o‘yinda raqiblar darvozasiga atigi to‘rt marta zarba yo‘llagan xolos. Shu bois, Raneri jamoaga yana bir mohir hujumchi kerakligini ta’kidlayotgan edi.

Nihoyat, klub mutasaddilari bosh murabbiy so‘ragan yangi hujumchining transferini uddaladi. Katta jamoalar “nonini yegan” Andrea Petanya “Kalyari” bilan bir yillik ijara shartnomasiga imzo chekdi. Aslida “Monsa” a’zosi hisoblangan forvard bir necha klub orasida talash bo‘layotgan edi.

Sardiniyaliklarda bu futbolchini kelasi yozda to‘liq transfer qilish huquqi ham bor. Demak, bu o‘yinchi Eldor Shomurodovning yangi mavsumda o‘yin vaqti bo‘yicha raqobatchisi bo‘lishdan tashqari, kelajakda “Kalyari”da qolish imkoni uchun ham bahslashadi.

Petanya Eldor Shomurodov bilan tengqur. 28 yoshli futbolchi “Milan” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Askoli”, “Atalanta”, SPAL, “Napoli” kabi jamoalarda to‘p tepgan. “Monsa” uni o‘tgan yili ijaraga olib o‘ynatib, shu yoz “Napoli”dan to‘liq transfer qilgan edi.

Mutaxassislar baland bo‘yli Petanyaning jismoniy imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda. Bundan tashqari u ikkinchi qavatdagi kurashlarda raqibga imkon bermaydi, to‘pni o‘zida yaxshi saqlay oladi, jamoadoshlariga keng hududlarni ochib bera oladi va hujum tashkil qilishga usta. Shuningdek, texnikasi va driblingi yaxshi shakllangan, golli pas uzatishga ham qobiliyati bor.

Petanya yaqqol markaziy hujumchi. Klaudio Raneri endi oldingi chiziqda bu o‘yinchiga ko‘proq imkon berishi hozirdan ma’lum. Shomurodovga o‘zining asosiy pozitsiyasi – markaziy hujumda o‘ynash yanada qiyinlashadi.

Eldor Shomurodov tarkibdan joy olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlariga tayanishga majbur. Hamyurtimiz ikki qanotda ham o‘ynay olishi hozircha uning boshqa forvardlardan ajralib turadigan asosiy ustunligi hisoblanadi.

“Kalyari”ning sobiq futbolchilaridan biri Mauro Valentini jamoa haqida o‘z-fikr mulohazalarini aytib, Shomurodovdan qanday foydalanish masalasiga ham munosabat bildirib o‘tdi.

- Tashqaridan qaraganda, Eldor Shomurodov jarima maydonchasi ichida o‘ynaydigan yaqqol markaziy forvard sifatida to‘p tepayotgandek ko‘rinmayapti.

Menda u turli yo‘nalishlarda harakat qiladigan hujumchi sifatida taassurot uyg‘otdi. Eldor to‘pga qarab o‘zi harakat qilyapti, hujumni maydon ichkarisidan, ya’ni ancha orqadan boshlayapti, qanotlarda keng o‘ynashga urinyapti. Klaudio Raneri uzoq masofadan yuqorilatib to‘p uzatishga alohida e’tibor qaratayotgani bois, o‘yinlarda ko‘proq taran hujumchilar – Leonardo Pavoletti va Zito Luvumboga tayanmoqda, - dedi Mauro Valentini.

Darhaqiqat, Klaudio Raneri boshchiligidagi murabbiylar chempionatning dastlabki ikki uchrashuvida ham Eldor Shomurodovni zaxiradan maydonga tushirib, bir necha daqiqa o‘ynatdi xolos.

Bu yog‘iga legionerimiz “Roma” va “Spetsiya”da bo‘lgani kabi zaxiraga mixlanib qolmasligi uchun kichik imkoniyatdan ham katta natija chiqarib, boshlang‘ich tarkibga kirib olmasa bo‘lmaydi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi, sababi...