Bugungi kunda Qozog‘istonning eng mashhur futbolchisi Baxtiyor Zaynutdinov hisoblanadi. Faoliyatini “Taraz” jamoasida boshlab, “Astana” bilan mamlakat chempionatida g‘olib chiqqan futbolchi 2019 yili “Rostov”ga ko‘chib o‘tdi.
Keyinchalik SSKA taklifini qabul qilgan Baxtiyor o‘tgan yozdan e’tiboran Turkiyaning “Beshiktosh” jamoasida to‘p tepmoqda.
Youtube ijtimoiy tarmog‘idagi “Sport Shredingera” kanali Baxtiyor Zaynutdinov O‘zbekiston o‘rniga Qozog‘iston terma jamoasini tanlagani haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Sports.kz sayti ham xabar tarqatdi.
- Baxtiyor Zaynutdinov “Taraz” o‘rinbosarlari jamoasida emas, balki O‘zbekistonda paydo bo‘lishi ham mumkin edi.
Taraz shahridagi musobaqalarga “Paxtakor” va “Bunyodkor” kabi klublarning o‘smirlar jamoalari tez-tez kelib turadi. Baxtiyor bu jamoalar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lsa-da, ularning safiga qo‘shilmadi.
Fuqarolikni tanlashda oilaviy muhokamada buvisi Muhabbatning so‘zi hal qiluvchi bo‘ldi. U Baxtiyorning O‘zbekistonga o‘tishiga qarshi edi.
Muhabbat buvi hali hamon nabirasining o‘yinlarini kuzatib keladi. U Karpin va Goncharenko bilan ham muloqot qilgan, - deydi “Sport Shredingera” kanali muallifi.
Ta’kidlash joizki, Qozog‘iston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan iste’dodli futbolchi etnik o‘zbeklardan. Buni jurnalistlarga uning otasi Botirjon Zaynutdinov ma’lum qilgan.
- Biz etnik o‘zbeklarmiz. Lekin Qozog‘istonning Taraz shahrida tug‘ilganmiz. Bobomning otasi bu yerlarga Namangandan ko‘chib kelgan. Hayotimiz futbolga bog‘langan. Men o‘zim salomatligim tufayli to‘p tepmaganman. Shunday bo‘lsa-da, ashaddiy muxlislardanman. O‘g‘illarimning hammasi futbolchi. To‘ng‘ich farzandim Bobir darvozabon bo‘lgan. Jarohat tufayli futbolchilik faoliyatini erta tugatdi. Shifokorlar shuni talab qilishdi. Hozir “Taraz” akademiyasida murabbiy. Kenja o‘g‘lim Bahrom “Taraz” o‘rinbosarlari safida o‘ynaydi. O‘rtanchasi Baxtiyorni yaxshi taniysizlar, - degan edi Botirjon Zaynutdinov.
Baxtiyor Zaynutdinovning o‘zbek futbolchilari bilan munosabati juda yaxshi. U “Rostov”da Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynagan.
Bundan tashqari, avgust oyida “Paxtakor”dan SSKA klubiga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullayev ham yangi jamoaga moslashishida Baxtiyor Zaynutdinovning yordami katta bo‘lganini alohida tilga oldi.
Yana bir e’tiborga molik ma’lumot shuki, Baxtiyor Zaynutdinov Qozog‘iston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar hisoblanadi. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan 25 yoshli futbolchi xalqaro maydonda2018 yildan beri 34 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 14 marotaba ishg‘ol qilishni uddalagan.
Baxtiyor Zaynutdinov Qozog‘iston, Rossiya va Turkiya klublaridagi faoliyati davomida jami 195 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 25 ta gol va 16 ta assist rasmiylashtirgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring