15:16 / 02.02.2024
299

Srechko Katanes: "Qatar qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz yetarlicha"

Srechko Katanes: "Qatar qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz yetarlicha"
Osiyo kubogi chorak finali doirasidagi Qatar - O‘zbekiston uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes va yarim himoyachi Odil Hamrobekov ishtirok etdi. Ular matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga quyidagicha javob qaytardi.

- Murabbiy va o‘yinchining uchrashuv haqida fikrlari qanday?

Srechko Katanes
: Qiyin o‘yin bo‘lishini bilamiz. Yetarlicha dam oldik. O‘yinchilarimiz Qatar bilan bahsga tayyor. Men ham g‘alaba qozonishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Ertaga yaxshi o‘yin ko‘rsatamiz deb o‘ylayman.

Odiljon Xamrobekov: Turnirdagi navbatdagi raqibimiz amaldagi chempion hisoblanadi. Qatar termasi o‘z muxlislari qarshisida o‘ynaydi. Jamoada iqtidorli va tajribali o‘yinchilar bor. Ertangi uchrashuvga 100% tayyormiz.

- Janob murabbiy, oldingi o‘yinda Diyor Xolmatovga imkoniyatga berildi. Uning harakatlari haqida nima deya olasiz?
Srechko Katanes: Diyor juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Javobim qisqa. Birinchi rasmiy o‘yinda bunday harakat qilishi meni ham biroz hayron qoldirdi. Dubaydagi yig‘inda Diyor o‘zini ko‘rsata olgandi. Ertaga u maydonga tushadimi yo‘qmi, buni keyinroq hal qilaman.

- Odiljon, bungacha Shukurov bilan tandemda o‘ynayotgandingiz, Tailand bilan bahsda Xolmatov bilan. Ularni taqqoslay olasizmi?

Odil Hamrobekov: Bilasiz, Diyor bilan klubda ham birga o‘ynayman. U juda iqtidorli yigit. Men bilan o‘ynayotgan ikki futbolchini taqqoslash xato bo‘ladi. Ikkala o‘yinchining ham o‘ziga hos taraflari bor.

- Odiljon, 2018 yilgi U-23 Osiyo kubogidagi birinchi o‘yinimiz aynan Qatar termasiga qarshi bo‘lgandi. O‘sha uchrashuvda mag‘lub bo‘lganmiz, lekin yakunda turnirda g‘olib bo‘lgandik. Qatarning o‘sha paytdagi tarkibida Akrom Afif va Almoyez Ali kabi futbolchilar bor edi. Ertaga ularni to‘xtatib qola olamizmi?
- Matbuot anjumani boshida iqtidorli o‘yinchilar deganimda, aynan ularni nazarda tutgandim. Ertaga Qatar tarkibida 11 nafar futbolchi bor. Shunday ekan, biz butun jamoani to‘xtatishga harakat qilamiz. Ertaga Qatarga qarshi bor kuchimiz bilan harakat qilib, g‘alaba qozonishimizga umid qilaman.

- Janob murabbiy, oldingi matbuot anjumanida jarohatlar va kasalliklar haqida gapirdingiz. Bugungi kunda jamoaning holati qanday?
- Bugun hali jamoa bilan ko‘rishmadim. Menimcha, holat yaxshilangan. Jarohatlanganlar bo‘yicha deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Betob o‘yinchilar esa o‘zlariga kelib olishgan bo‘lsa kerak.

- Oldingi Osiyo kubogida Iroq terma jamoasi murabbiyi edingiz va aynan Qatar terma jamoasiga mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etgansiz. Bu safar Qatarga qarshi o‘yinda g‘alaba qozona olaman deb o‘ylaysizmi?
- Mag‘lub bo‘lganimni eslatganingiz uchun "rahmat". Ko‘rfaz kubogi ochilish o‘yinida Qatarni mag‘lub qilganimni ham eslatib o‘tmoqchiman. Mening ishim jamoani to‘g‘ri tayyorlash, ularga ishonaman. Qatarga qarshi to‘g‘ri o‘yin qura olishimiz lozim. Qatar qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz yetarlicha. Murabbiy g‘alaba qozonsa, uni barcha aqlli deb hisoblaydi. Aslida esa natija o‘yinchilarning harakatlariga, o‘sha paytdagi vaziyatga, jarohatlar va yana boshqa ko‘p faktorlarga bog‘lik bo‘ladi. Biz allaqachon yaxshi bosqichgacha yetib keldik. Qatarga qarshi o‘yin oldidan qo‘rqadigan narsamiz yo‘q.

- Janob Katanes, avvalgi turnirlarda o‘z ishtirokimizni nimchorak finalda to‘xtatgandik. Bu safar esa allaqachon chorak finalga yetib keldik. Minimum vazifa bajarildi deb hisoblasa bo‘ladimi?
- Ertaga oldimizda chorak final o‘yini turibdi. Qatarga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz shart. Men doim bitta o‘yinga e’tibor qaratishimni aytib kelganman. Shunday ekan, bor e’tiborim Qatarga qarshi bahsda. Nima yaxshi, nima yomon keyin ma’lum bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar yetarli. Chorak finalga chiqdik, buyog‘iga yo‘qotadigan narsamiz yo‘q.

- Avstraliyaga qarshi o‘yindan keyin referi qarorlari uchrashuvga katta ta’sir o‘tkazishi mumkinligini aytdingiz. Ertaga mezbon jamoaga qarshi o‘ynaysiz. Sizda hakamlar masalasida xavotir yo‘qmi?

Matbuot anjumani rasmiysi: Bu savolni o‘tkazib yuborishga majburmiz.

- Savolim Odiljonga. Ko‘pchilik faqat mag‘lubiyatlar haqida esladi, men esa g‘alabalarni yodga olmoqchiman. 2011 yil Qatardagi Osiyo kubogida aynan mezbon jamoani mag‘lub qilganmiz. Golni sizning adashingiz kiritgan. Ko‘pchilik muxlislar o‘sha an’anani davom ettirishingizni istashyapti. Tailand bilan o‘yinda muxlislar soni bo‘yicha tenglik bor edi. Ertaga qatarlik muxlislar stadionda ancha ko‘p bo‘lishi aniq. Jamoa o‘yinchilari bu bosimga qanchalik tayyor?

Odil Hamrobekov: - Stadion to‘la bo‘lsa, ikkala jamoa uchun ham bu yaxshi. Bu bizga hech qanday qiyinchilik to‘g‘dirmaydi deb o‘ylayman. Biz "Bunyodkor" stadionida muxlislar bilan to‘lganda qanchalik yaxshi harakat qilgan bo‘lsak, Qatar ham shunday harakat qiladi. Ertaga maydonda borimizni beramiz.

Srechko Katanes: Boyagi jurnalistning hakam haqidagi savoliga qisqa javob berib ketmoqchiman. Ertaga hakamlarga omad!

Jalolxon Inog‘omxo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: "Qatar qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz yetarlicha"