09:09 / 08.08.2024
159

Sergey Lushchan: "12 kunlik yig‘in davomida futbolchilar quldek mehnat qilishdi"

Sergey Lushchan: "12 kunlik yig‘in davomida futbolchilar quldek mehnat qilishdi"
O‘zbekiston kubogi 1/4 final bahsidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona" - "Navbahor" uchrashuvidan so‘ng (2:3) mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida

- Juda ham og‘ir bahs bo‘ldi. Bugungi o‘yinda barcha asabiylashdi. Jamoamga rahmat aytaman. Gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng o‘zimizga kelib oldik. Yaratgan vaziyatlarimizning yarmidan foydalana oldik. Yigitlarga bergan ko‘rsatmalarimning 80%i bajarildi. Afsuski, yo‘q joydan gol o‘tkazib yubordik. Tablodagi hisob barchasini ko‘rsatib turibdi.

- Yaratgan vaziyatlarimizning yarmi, ya’ni 50%idan foydalandik dedingiz. Birinchi davrada ham "Navbahor" dahshatli vaziyatlardan foydalana olmagandi. Jamoangiz vaziyatlardan foydalanish samarasini necha foizga olib chiqsa siz xotirjam bo‘lasiz?

- 100% albatta. Yagona vaziyatdan ham foydalanishni boshlasak, men xotirjam bo‘laman. Ko‘p vaziyatlar yaratayapmiz, ammo ularning samaradorligi past. Shuningdek, keraksiz vaziyatlarda gol o‘tkazib yuboryapmiz. O‘yinni nazorat qildik deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida ikkita birga-bir vaziyatga ega bo‘ldik, ammo ularni ko‘kka sovurdik. So‘nggi daqiqadagi vaziyatdan ham foydalana olmadik. Bunday xatolar kechirilmasligi kerak.

- Sardor Rashidovning jarohati haqida gapirib o‘tsangiz? U qanchalik jiddiy jarohat oldi?

- Jiddiy jarohat emas ekanligiga umid qilaman. Sardor yelkasidan jarohat oldi. Yaqin orada ushbu savolga javobni bilib olamiz. Ayni damda Rashidov biz uchun suv va havodek zarur. Barcha futbolchilar biz uchun o‘ta muhim hisoblanadi va barcha futbolchilarga ishonch bildiramiz.

- Jamoa ikkinchi davraga qanday tayyorgarlik ko‘rdi? Yig‘inlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- 12 kunlik yig‘in o‘tkazdik. Bunday qisqa vaqt biz uchun yetarli bo‘lmadi. 3 haftalik rejani 12 kunga sig‘dirishga majbur bo‘ldik. Yigitlarga vaqt kamligini va ko‘p mehnat qilishimiz kerakligini aytdim. Yigitlarga rahmat, ular mehnat qilishdi va nolishmaydi. Maqsadlarimiz qanday ekanligidan xabaringiz bor. Futbolchilar 12 kun davomida quldek ishlashdi. Ko‘proq vaqtimiz bo‘lganida yig‘in biroz osonroq o‘tishi mumkin edi.

- Jamoa yozgi transferlar oynasida bir nechta futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Transferlardan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi?

- Tajribali futbolchilar bilan shartnoma imzoladik. Asosiy darvozabonimiz jamoani tark etgani tufayli, darhol yangi darvozabon izlashga majbur bo‘ldik. Ikki nafar tajribali darvozabonlar bilan kelishuvga erishdik. Ushbu pozitsiyadan kuchsizlanib qolganimiz yo‘q. Yosh futbolchilarni ham tarkibimizga qo‘shib oldik. Yoshlarni ham kuzatmoqdamiz. O‘rinbosarlar jamoasi va birinchi ligada to‘p tepayotgan futbolchilarni ham kuzatib boramiz. Ularga imkoniyat berishimiz aniq va bunga majburmiz. Namangandan juda ko‘p talantlar chiqqan, hozir esa "Navbahor"ning asosiy tarkibida bor yo‘g‘i bitta mahalliy futbolchi bor. Bu uyatli holat. Mahalliy futbolni ham rivojlantirishimiz kerak. Ko‘p mahalliy futbolchilar boshqa jamoalarda faoliyat yuritishmoqda.

- "Navbahor" o‘rinbosarlar jamoasi o‘tgan mavsum liganing quyi pog‘onalarida edi va yomon natija qayd etayotgandi. Joriy mavsum avvalida esa "Navbahor" yoshlar va o‘smir futbolchilar bilan ishlash bo‘yicha tajribali mutaxassis Dmitriy An bilan shartnoma tuzdi. Siz ham "Bunyodkor"da ishlagan vaqtingiz juda ko‘p yosh va iqtidorli futbolchilarni tarbiyalagansiz. Siz "Navbahor"da nafaqat asosiy jamoa, balki o‘rinbosarlar jamoasi va yoshlar jamoasida ham faoliyat yuritib, ularni nazorat qilishni reja qilganmisiz?

- Biz bir jamoa bo‘lib ishlaymiz. Dmitriy asosiy jamoaning murabbiylar shtabidan ham o‘rin olgan. Qisqacha qilib aytsam, biz asosiy jamoa va o‘rinbosarlar jamoasini ham boshqaramiz. Barchasi bizning nazoratimizda bo‘ladi.

- "Navbahor"da bosh murabbiy o‘zgarganidan so‘ng jamoa atrofida gap so‘zlar ko‘paydi. Jamoaning ikkinchi davra oldidan maqsadlari qanday?

- Biz murabbiylarmiz. G‘iybatlashib o‘tiradigan ayollar emas. Jamoa bazasidan deyarli chiqmayapmiz. To‘g‘risini aytsam, men ishlagan jamoalarda bunday tarkib bo‘lmagan edi. Bunday tajribali va mahoratli futbolchilar bilan ishlash juda yoqimli. Futbolchilarga ko‘p gapirib o‘tirish ham kerak emas. Ular barchasini tushunishmoqda. Bu shunchaki ajoyib. Bunday tarkib yig‘a olgan sobiq murabbiylarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sergey Lushchan: "12 kunlik yig‘in davomida futbolchilar quldek mehnat qilishdi"