23:28 / 21.08.2024
163

Ro‘ziqul Berdiyev: "Osiyo chempionlar ligasida finalga qadar yetib borishni maqsad qilganmiz"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Osiyo chempionlar ligasida finalga qadar yetib borishni maqsad qilganmiz"
"Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev klubning Osiyo chempionlar ligasi va Superligadagi maqsadlari hamda transferlar haqida batafsil intervyu berdi.

- "Nasaf" jamoasi ikkinchi davraga qanday tayyorgarlik ko‘rdi? Yig‘inlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Biz tayyorgarligimizning asosiy qismini o‘zimizning qarorgohimizda o‘tkazdik. Bazamizda barcha sharoitlar bor. Xorij mamlakatlarida yig‘in o‘tkazishdan ko‘ra, o‘zimizning qarorgohimizda mashg‘ulot o‘tkazganimiz qulayroq. Yildan-yilga ushbu tajribani takrorlab kelyapmiz. Bu samara beryapti. Yig‘inlar davomida ikkita nazorat uchrashuvida ham ishtirok etdik. "Spartak" bilan bo‘lgan o‘rtoqlik o‘yinini hisobga olmaganda, sababi "Spartak" jamoasining o‘zi bizga taklif bilan chiqdi. Biz safarda o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishni reja qilmagandik. "Sho‘rtan" va "Dinamo" jamoalari bilan nazorat bahsida ishtirok etdik. Ushbu uchrashuvlar orqali "Paxtakor"ga tayyorgarlik ko‘rgandik. Mavsumning ikkinchi qismi ham boshlandi. Barchasi bizning rejamiz bo‘yicha ketmoqda.

- Yozgi transferlar oynasida "Nasaf" bir nechta futbolchilarni harid qildi. Jamoangizning transfer kampaniyasi haqida gapirib o‘tsangiz?
- Bizda shakllangan tarkib bo‘lishiga qaramay, bir nechta o‘zgarishlar qildik. Buning asosiy sababi jarohatlar bo‘ldi. Pozitsiyalarni kuchaytirish ham kerak edi. Jamoamizni tark etgan Chogadzening pozitsiyasiga Cholovichni taklif qildik. Islom Kenjaboyevning jarohati sababli esa Sudanlik futbolchi bilan shartnoma imzoladik. Alibek Davronov ham mavsum yakuniga qadar safga qaytmaydigan bo‘ldi, uning pozitsiyasini yopish uchun himoyachilarni izlay boshladik. Mening fikrimcha, munosib himoyachilarni o‘z safimizga qo‘shib oldik.

- Gruziyalik futbolchi Temur Chogadze jamoani kutilmaganda tark etdi. Temur dastlabki ko‘pchilikda yaxshi taassurotlar qoldirgan edi. Chogadzening jamoadan ketishiga nima sabab bo‘ldi?
- Chogadze keyinchalik jamoaga qo‘shilib keta olmadi. Ko‘pgina uchrashuvlarda zaxirada qolib ketdi. Futbolchining o‘zi ham jamoani tark etishi unga foydaliroq bo‘lishini tushundi. Bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak, Temur haqiqatdan ham juda iqtidorli futbolchi va individual jihatlama juda kuchli futbolchi, ammo uning "Nasaf"dagi ishlari yurishmadi.

- "Nasaf" so‘nggi yillarda legionerlar bo‘yicha ko‘p adashdi. Yangi legionerlar Stefan Cholovich va Valentin Yuellarning xarid qilinishiga asosiy sabab nima bo‘ldi? Ushbu futbolchilar qaysi jihatlari tufayli sizga ma’qul keldi?
- Dastlabki sabab, ularning pozitsiya tomonlama bizga ma’qul kelgani bo‘ldi. Aynan shu pozitsiyalarda biz o‘yinchi izlagan edik. Chap qanotda Oybek Bozorov harakat qilsa, o‘ng qanotda ham shunday bir futbolchi kerak edi. Shuningdek, ikki futbolchi ham erkin agent sifatida jamoamizga kelib qo‘shildi. Biz yangi futbolchilar uchun katta harajat qilishni istamayotgandik.

- Jarohatlangan Alibek Davronov va Islom Kenjaboyevlarning hozirgi holati qanday? Shu haqda ma’lumot bersangiz.
- Alibekning jarohati nafaqat "Nasaf" uchun, balki Olimpiya terma jamoamiz uchun ham katta yo‘qotish bo‘ldi. Kenjaboyev ham birinchi davra oxirida jarohati bezovta qilayotganini aytdi.

- Yaqindagina Osiyo chempionlar ligasi musobaqasiga qur’a tashlandi. Qur’a natijalari haqida fikr bildirib o‘tsangiz? Qur’a natijalaridan qoniqdingizmi?
- Yangi musobaqa tashkil etildi. Elit liga qo‘shildi, bu qanchalik to‘g‘ri ekanligini bilmadim to‘g‘risi. Mening fikrimcha, Elit chempionlar ligasidagi jamoalar va OCHL 2 musobaqasida jamoalarning o‘rtasidagi farq katta emas. Bizning raqiblarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz Iordaniya futboli bilan yaqindan tanishib oldik. Ikki yil davomida "Al-Vehdat", o‘tgan mavsumda esa "Al-Faysali" jamoasi bilan to‘qnash keldik. "Shabab Al-Ahli" klubi qanday jamoa ekanligini bilamiz. O‘zimizning yigitlarimiz ham ushbu klubda faoliyat yuritgan. BAA chempionati darajasidan ham xabardormiz. Faqat Kuvayt jamoasi bizga notanish. Ushbu mamlakat futboli haqida ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. "Kuvayt SK" klubi hozircha biz uchun notanish jamoa. Bizning raqiblar biroz jiddiyroq ko‘rinayotgandek. Biz 4-5 yildan buyon bunday musobaqalarda stabil ishtirok etib kelmoqdamiz va futbolchilarimiz ham xalqaro maydonda yaxshi tajriba to‘plashga ulgurishdi. Ushbu musobaqa ham biz uchun omadli bo‘lishiga ishonaman.

- Yangi musobaqa, ya’ni Elit chempionlar ligasi tashkil etilgani "Nasaf"ga ko‘proq foydami yoki zarar? Osiyoning grand klublari Elit chempionlar ligasida ishtirok etadi, bu esa "Nasaf"ga OCHL 2 musobaqasida yaxshiroq natija qayd etishga imkoniyat beradi.
- O‘tgan yilgi formatdagi yagona musobaqa ancha qiziqroq edi. O‘tgan mavsumda biz "Al-Ayn" bilan bahslashdik, "Navbahor" esa "Al-Ittihod" va "Al-Hilol" kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘ynadi. Ushbu bahslarda ikki jamoa o‘rtasida katta farq sezilgani yo‘q. Biz "Al-Ayn" bilan "Navbahor esa "Al-Hilol" bilan murosa ko‘chasini tanlashdi. Menga jamoalar o‘rtasida farq katta emasdek tuyuldi. OCHL 2 musobaqasida finalga qadar yetib borishni maqsad qilganmiz.

- Kuzda jamoangizni juda zich taqvim kutib turibdi. Osiyo chempionlar ligasi, Superliga va terma jamoa yig‘inlari. Zich taqvim jamoangizga qanchalik qiyinchilik tug‘dirishi mumkin?
- Biz aynan shu sababli, ikki tarkibga ega bo‘lishga harakat qildik. O‘sha vaqtga kelib, yaxshi sport formada bo‘lishimiz kerak. O‘yinlarning ahamiyatiga qarab, o‘zgarishlarga qo‘l urishimiz mumkin. Muhim darajali o‘yinlar bizni kutib turibdi.

- "Nasaf" chempionatda yaqqol peshqadam. Jamoangiz ushalmagan orzusiga sekin-astalik bilan yaqinlashib kelmoqda. Chempionlik poygasi haqida fikr bildirsangiz?
- "Nasaf" har doim o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan, lekin bu yil klubimiz chempionlik uchun jiddiy kirishdi. Shu maqsad uchun barcha sharoitlar taqdim etildi. Maqsadimiz sari intilishda davom etamiz. Chempionlikga yaqin keldik deya olmayman, hali mavsum yakunlangani yo‘q. Har bir uchrashuv biz uchun finaldek.

- 2022 yilgi mavsumda "Nasaf" jamoasi chempionat yakunlanishiga bir nechta tur qolganda musobaqada peshqadamlik qilayotgan edi, ammo yakunda jamoangiz alamli tarzda chempionlikni qo‘ldan boy bergandi. Joriy mavsumda ham 2022 yil ssenariysi takrorlanib qolmaydimi?
- Yildan yilga tajriba oshib boradi. Bu narsa bo‘yicha yigitlar bilan gaplashib boryapmiz. Bu ruhiyatga bog‘liq bo‘lgan masala. Shu sababli, biz har bir raqib va uchrashuvga jiddiy yondashishimiz kerak. Kerak bo‘lsa futbolchilar bilan yakkama-yakka suhbat olib boryapman.

- Sentyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH uchinchi saralash bosqichidagi yurishini boshlaydi. Guruhdagi raqiblar va saralashdagi imkoniyatlar haqida gapirib o‘tsangiz?
- Bir narsani bemalol ayta olamanki, futbolimiz darajasi so‘nggi yillarda ancha o‘sdi. Bu guruhdagi raqiblar bilan bemalol raqobatlasha olamiz. O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqishiga shubham yo‘q.

- O‘tgan mavsum yakunida "Nasaf"ga mavsum uchun 5 baho qo‘yaman degandingiz. Joriy mavsum birinchi davra uchun jamoangizga qanday baho berasiz?
- 4 bahosini qo‘yaman. Biz birinchi davrada ancha ko‘proq ochko to‘plashimiz mumkin edi. Ko‘pgina vaziyatlarda ochko yo‘qotdik.

Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Osiyo chempionlar ligasida finalga qadar yetib borishni maqsad qilganmiz"