14:00 / 11.01.2025
38

Yil toʻqnashuvi: Habib Nurmagomedov yana Konor MakGregorga qarshi!

Yil toʻqnashuvi: Habib Nurmagomedov yana Konor MakGregorga qarshi!
Aksariyat MMA ixlosmandallari 18 yanvarni kutayotgan boʻlsa ajab emas, sababi oʻsha kuni "UFC 311" turniri tashkil etiladi va unda Islam Maxachev Arman Tsarukyan bilan jang qilsa, Merab Dvalashvili Umar Nurmagomedovga qarshi oktagonga koʻtariladi. Albatta, ajoyib jang kechasi boʻlishiga shubhamiz yoʻq. Zero ikki markaziy jangdan boshqa qiziqarli oʻtishi kutilayotgan qarama-qarshiliklar ham bor.

Biroq, bir haftadan keyin undanda e'tiborga molik boʻlishi kutilayotgan turnir ham bor. Ha, bu Dubay shahri mezbonligadigi Bellator turniri... Nega endi Bellator turniri UFC raqamli turnirini ham ortda qoldirishi mumkin degan savol tugʻilishi tabiiy.

Bunga aniqlik kiritib oʻtamiz. Ha, markaziy jang ishtirokchilari Usmon Nurmagomedov va Pol Xyuz mashhurlik bobida Islam, Merab, hattoki Irji Proxazka kabi boʻlmasa-da, uning atrofidagi "shaxs"lar haqiqiy MMAning tirik afsonalaridir! Ya'ni, MMA olamini "portlatgan" va ta'bir joiz boʻlsa, UFCni choʻqqiga olib chiqishgan irlandiyalik Konor MakGregor va Habib Nurmagomedov ushbu turnirda yana toʻqnash kelishi mumkin.

Ha, toʻgʻri oʻqiyapsiz ular yana oktagonda duch kelishlari mumkin. Faqat bu safar sekundant va murabbiy sifatida, 25 yanvar kuni Dubay shahrida Bellator promousheni navbatdagi turnirini oʻtkazadi. Bellator Championship Series turnirining markaziy jangida yengil vazn (70,3 kg) toifasi vakillari yuqorida ta'kidlab oʻtganimizdek, Usmon Nurmagomedov va Pol Xyuz toʻqnash kelishadi.

Ma'lumki, Usmon Habibning jamoasi va yaqini hisoblansa, Pol Xyuz shimoliy irlandiyalik va u intervyularning birida Usmon bilan jang burchagida Konor MakGregor boʻlishini aytib oʻtgandi. Xullas, bevosita jang super koʻrinish olsa, jang atrofidagi voqeliklar ham "dahshat"li koʻrinishda boʻladi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Bir soʻz bilan aytganda 25 yanvar kuni Dubay shahri va turnir "yonadi"!

Keling, Pol Xyuz va Usmon Nurmagomedov jangi borasida va ularning imkoniyatlari bobida biroz toʻxtalib oʻtamiz.

Demak, Pol Xyuz (13-1) aslida qanday jangchi?

Shimoliy irlandiyalik ajoyib iste'dod! Rang-barang uslubga ega boʻlgan, qaytmas jangchi. Kuchli xarakter egasi. Asosiy zarbani oʻng qoʻlida yoʻllaydi. "Teyk-daun"dan himoyasi ham zoʻr. Kurashi ham chakki emas. "Parter"dagi nazorati ham yomon emas. Ayniqsa uning xavfli "qurol"i "uchar tizzalar"dir. Odatda, u birinchi raqam boʻlib harakat qilishni afzal koʻradi. Kardiosi borasida ham maqtana oladi. Zarbalari ham kuchli koʻrinish oladi. Ikki qoʻlda birdek zarba yoʻllay oladi.

Xullas, mukammal jangchiga yaqinroq darajada, lekin u faoliyati mobaynida Usmon Nurmagomedov darajasidagi raqibga duch kelmagan. Toʻgʻri u soʻnggi jangida Bellator sobiq chempioni AJ Makkini shunchaki dabdalasini chiqardi. Ammo Makkini hozirgi darajasi u qadar maqtovga arzigulik emasdi.

Qolaversa, Usmon bilan solishtirganda ancha kuchsiz desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Xyuz 13 ta gʻalaba va bir magʻlubiyat qayd extgan. Gʻalabalarining 6 tasini texnik nokaut va nokaut orqali, 3 ta sabmishn va 4 tasini ochkolar evaziga qoʻlga kiritgan. Birgina magʻlubiyatini angliyalik Jordan Vuchenichdan qabul qilib olgan va uni revanshda magʻlubiyatga uchratishga ham ulgurgan.

Usmon Nurmagomedovning (18-0) ustunlik jihatlari

Usmon barcha jabhada undan ustun desak, yanglishmagan boʻlamiz. Ya'ni boʻy borasida ham 10 sm balandroq. Qoʻllarining uzunligi ham Usmonga asqotadi. "Stoyka", kurash borasida ham kichik Nurmagomedov undan salohiyatliroq. Lekin bu MMA va unda birgina kuchli zarba jang taqdirini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bunday "laki panch"lar esa Xyuzda bor. Agar jang koʻproq "stoyka"da kechsa, yaqin masofa dogʻistonlik uchun xavf tugʻdirishi mumkin.

Masofadan esa Usmon oʻzini "suvdagi baliqdek" xis qiladi. Usmonda zoʻr jamoa bor va uni Habib jangga koʻngildagidek tayyorlay oldi, nazarimizda. Chunki, jamoada kimlar borligini va qanday sparring sheriklar ishlaganini oʻzingiz yaxshi bilasiz. Usmon 18 ta gʻalabasini 8 tasini KO, TKO, 6 ta sabmishn va 4 tasini ochkolar evaziga qoʻlga kiritgan.

Imkoniyatlar...

Xyuzni har qancha iste'dodli boʻlmasin, u Usmonga jiddiy qarshilik koʻrsata olishi qiyin. Baribir Usmon Nurmagomedov boshqa daraja. Xyuz Aleksandr Shabliy darajasida ham Usmonga boshogʻriq boʻla olmaydi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Jang muddatidan avval Usmonning gʻalabasi bilan yakunlansa kerak.

Ya'ni texnik nokaut bilan. Uzogʻi 3-raundda Usmon ushbu natijani qayd etadi. bu degani yana Konor MakGregor Habib tomonidan magʻlub etiladi, degani... Ha, jangdan soʻng, yana internet olami "portlaydi". Ehtimol, jang vaqtidayoq bu sodir boʻlar. Xullas, qandaydir syurpriz albatta boʻladi!
Ahmadbek Eshmatov tayyorladi

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport