22:54 / 19.01.2025
108

Yangilanayotgan "Paxtakor" yoxud Pedru Moreyra yigʻayotgan portugalzabon "banda"

Yangilanayotgan "Paxtakor" yoxud Pedru Moreyra yigʻayotgan portugalzabon "banda"
Qishki transferlar oynasida barcha jamoalar yangi futbolchilar bilan shartnoma tuzish va selektsiya ishlarini olib borish bilan band. Qaysidir klub mahalliy futbolchilarga koʻproq e'tibor berayotgan boʻlsa, ayrimlar xorijlik futbolchilarga qiziqish bildirishmoqda. Transferlar oynasida eng "aktiv" boʻlib turgan jamoalardan biri - shubhasiz "Paxtakor". "Paxtakor" oʻtgan mavsumdagi qoniqarsiz natijalardan soʻng katta oʻzgarishlar qilmoqda.

Koʻpchilik klublarimiz chempionlik yoki oʻz oldiga qoʻygan maqsadi uchun butun yangi tarkib yigʻmoqda va ketma-ket transferlarni e'lon qilib tashlayapti. Klub muxlislarini bu narsa xursand qilishi mumkin, ammo tanganing ikkinchi tomoni haqida hech kim oʻylab ham koʻrayotgani yoʻq. Keling, yangi mavsum oldidan tarkibini tubdan oʻzgartirayotgan jamoalardan biri - "Paxtakor"ning transfer kampaniyasiga toʻxtalib oʻtamiz.

Butun vaziyat aniq boʻlishi uchun, biroz ortga qaytamiz. 2023 yilgi mavsum yakunlariga koʻra "sherlar" yana bir marotaba Oʻzbekiston chempioniga aylanishdi. Ushbu chempionlik "Paxtakor" uchun ketma-ket beshinchi boʻldi. Ikkinchi bor Superliga gʻolibligini qoʻlga kiritgan Maksim Shaskix oltin medallar masalasi hal etilgan "Surxon"ga qarshi oʻyindan keyin joriy mavsumda jamoangiz uchun eng qiyin raqib kim boʻldi degan savolga mana shunday tarzda javob bergandi:

"Aniq qaysidir jamoani ayta olmayman. "Paxtakor" chempionatda hech kimdan kuchsiz emas. Biz eng kuchli jamoamiz, bizni hech bir raqib magʻlub eta olmaydi. Biz faqat oʻzimizga oʻzimiz magʻlub boʻlishimiz mumkin. Oʻzingiz bilasiz, "Paxtakor"ga qarshi har bir jamoa qoʻshimcha motivatsiya bilan oʻynashini bilasiz-ku".

"Bunyodkor"ga qarshi kechgan oʻsha mavsumning soʻnggi bahsidan soʻng esa jurnalistlar jamoa joriy mavsum 25ta gol oʻtkazib yuborgani va bu natija oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarga qaraganda ancha yomonlashgani haqida soʻrashgandi. Keyingi mavsumga tuzilayotgan rejalar boʻyicha Maksim Aleksandrovich shunday javob bergandi:

"Himoyada juda yomon oʻynayapmiz. Faqatgina himoyachilar emas. Hamma himoyalanadi, hamma hujum qiladi. Shunchaki juda yomon himoyalandik. Shu sababli shuncha gol oʻtkazib yubordik. Oʻtgan safargi matbuot anjumanida ham aytgandim, bu bizni xavotirga solayotgan asosiy jihat. Barchasini bilib olasiz. Buni hozir ayta olmayman."

2023 yilda ham eng zoʻri boʻlgan "Paxtakor", 2024 yilgi mavsum oldidan oʻz tarkibini oʻzgartirishi va koʻproq yoshlarga e'tibor berishini e'lon qildi. Akademiya va yoshlar jamoasida chempionlikni qoʻlga kiritgan futbolchilar asosiy tarkibga jalb qilindi va tajribali futbolchilarning oʻrni yoshlar bilan toʻldirildi. Tarkibini jiddiy tarzda yoshartirib yuborilgan tarkib oʻtgan mavsumda qanday natija qayd etganidan xabaringiz bor.

Bunday eksperiment oʻzini oqladimi yoʻqmi? Bu savolga aniq javob berish qiyin. "Paxtakor" Superligani 6-oʻrinni egalladi va oʻz tarixidagi eng yomon uchinchi natijani yangiladi. Klub prezidenti Jahongir Ortiqxoʻjayev esa natija bunchalik yomon emasligini ta'kidladi.

"Aslida yil boshida maqsadimiz chempionlik emasdi. Yoshlarga imkoniyat berishni maqsad qilgandik. Superligada 6-oʻrinni egalladik, bu natijani qoniqarsiz deb boʻlmaydi".

Superligadagi 6-oʻrinni qayd etgan "Paxtakor" mavsumda 11 marotaba gʻalaba qozondi, 10 marotaba magʻlubiyatga uchradi va besh oʻyinda durang qayd etdi. Oʻzbekiston tarixidagi eng koʻp marotaba chempionlikni qoʻlga kiritgan jamoa oʻtgan mavsumda ligadagi barcha bahslarning 39%da magʻlub boʻldi. Mening fikrimcha, ushbu koʻrsatkich yurtimizning eng muvaffaqiyatli klubi uchun juda salbiy koʻrsatkich.

Mavsum oʻrtasida Maksim Shaskix qandaydir sabab tufayli(keyinchalik, sogʻligʻidagi muammo tufayli deya e'lon qilindi) vaqtinchalik jamoani tark etdi. Amaldagi chempion yomon natijalar, bosh murabbiy bilan boʻlgan muammo va tarkibdagi muammolar girdobida qolib ketdi. Shunday qilib, "Paxtakor" 2024 yilni yakunladi.

Yangi "Paxtakor"

2024 yildagi qoniqarsiz natijalardan soʻng klubda katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Portugaliyalik mutaxassis Pedru Moreyra yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Klub esa dekabr oyining avvalida klub kelajagi haqida rasmiy anjuman tashkil etdi. Anjumanda yangi bosh murabbiy rasman tanishtirildi va Maksim Shaskix klub direktorlar kengashiga oʻtkazilgani e'lon qilindi. Aynan oʻsha sanadan boshlab, "sherlar" yangi loyihaga start berdi deb hisoblasak boʻladi.

Ayni damda jamoa Turkiyada yigʻin oʻtkazmoqda. Yangi mavsum oldidan jamoa oʻz tarkibini kuchaytirmoqda va bir nechta yangi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Klub hozirgi kunga qadar 6ta futbolchi bilan shartnoma imzolaganini rasman e'lon qildi, ular: Bashar Resan, Igor Sergeyev, Mahmud Mahamadjonov, Jonatan Luis va Jonatan Lukkalar. Mahmud Mahamadjonov oʻtgan mavsumning ikkinchi yarmidan buyon "sherlar" safida toʻp tepayotgan boʻlsa, soʻnggi mavsumlarni Tailand chempionatida oʻtkazgan Igor Sergeyev ham jamoaga qaytdi. Igor Sergeyev klub safidagi eng yaxshi toʻpurarlardan biri hisoblanadi va hujumchiga adaptatsiya uchun hech qancha vaqt kerak boʻlmasligi deyarli aniq.

Legionerlar esa umuman boshqa masala. Braziyalik yangi futbolchilar bilan yaqinroq tanishib olaylik.

1. Jonatan Lukka (Braziliya)

Jonatan Lukka klub rasman e'lon qilgan dastlabki braziliyalik futbolchi boʻldi. 30 yoshlik futbolchining soʻnggi klubi Portugaliya chempionati ishtirokchisi "AVS Futebol" edi. Ushbu klub joriy mavsumga Portugaliya chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi, klub bunga qadar Portugaliya 2-ligasida edi (Portugaliya yuqori ligasidan keyingi ikkinchi divizion, Oʻzbekiston Pro ligasidek). Yarim himoyachi joriy mavsumda 10ta uchrashuvda ishtirok etdi (jami 16ta oʻyin oʻtkazilgan). Futbolchi soʻnggi marotaba 8 dekabr kuni "Kaza Piya" jamoasiga qarshi kechgan liga uchrashuvida 90+3 daqiqada maydonga tushgandi. Portugaliya chempionatining 4-turi doirasida "Santa-Klara"ga qarshi oʻtkazilgan oʻyinda maydonda 90 daqiqa harakat qilgan va aynan shu uchrashuv joriy mavsumdagi futbolchining yagona toʻliq oʻtkazgan uchrashuvi hisoblanadi. Jonatan bunga qadar "Roma"(Italiya), "Atletiko Paranaense B"(Braziliya), "Goa"(Hindiston), "Kelantan"(Malayziya), "Pyuyn Siti"(Hindiston), "Farense"(Portugaliya), "Belenensesh"(Portugaliya), "Stabek"(Norvegiya) klublarida toʻp tepgan. Futbolchi bugunga qadar "Paxtakor" safida ikkita nazorat oʻyinida ishtirok etdi.

Jonatan Lukkaning darajasi va u Superligada qanday oʻynab keta olishi koʻpchilikni qiziqtirayotgan savol. Portugaliya chempionatidagi autsayder jamoa safida "rotatsiya" oʻyinchisi boʻlgan futbolchi "Paxtakor"da oʻzini koʻrsata oladimi?

2. Jonatan Luis (Braziliya)

33 yoshli darvozabon futbolchilik faoliyatining asosiy qismini Portugaliya klublarida oʻtkazgan. Darvozabon oʻz vaqtida "Vitoriya Gimaraynsh", "Moreyrense" va "Riu Ave" klublari darvozasini qoʻriqlagan. U Portugaliyaning yuqori ligasida 125 ta oʻyinda ishtirok etgan. Soʻnggi jamoasi "Riu Ave". Avvalgi mavsumda klubining asosiy posboni boʻlgan. 2023/24 yilgi mavsumda jami 29 marotaba asosiy tarkibda maydonga tushgan. Joriy mavsumda asosiy tarkibdagi soʻnggi oʻyinini 23 noyabrda mamlakat Kubogi 1/16 final bosqichi doirasida "Alverka" jamoasiga qarshi oʻtkazgan. Ligadagi soʻnggi oʻyini esa 5 oktyabr sanasida oʻtkazilgan "Famalikao" jamoasiga qarshi bahs edi. Darvozabon joriy mavsumda 9ta bahsda qatnashgan (jami 20ta uchrashuv oʻtkazilgan). Braziliyalik darvozabon joriy mavsumda "Riu Ave"ning asosiy darvozaboni sifatida boshlagan, ammo oktyabr oyi boshidagi "Famalikao"ga qarshi oʻyindan soʻng zaxiraga oʻtirib qoldi. Uning oʻrnini 23 yoshlik polshalik posbon Sezari Mista egalladi.

Jonatan Luis yaqin vaqtgacha Portugaliya chempionatining oʻrtamiyona klubining asosiy darvozaboni boʻlgan. Ushbu transferni ishonch bilan yaxshi kelishuv deb hisoblasak boʻladi. Braziliyalik posbon shubhasiz jamoani kuchaytiradi. Mening fikrimcha, Luis Superliganing eng yaxshi darvozabonlaridan biriga aylanadi(agar eng yaxshisi boʻlib olmasa) va jamoani "Al Rayyan"ga qarshi kechgan oʻyindagidek yoʻq joydan gol oʻtkazib yuborishni toʻxtatadi.

3. Flamarion (Braziliya)

Flamarion oʻzbek futboli muxlislariga va koʻpgina Superliga klublarining murabbiylariga yaxshi tanish. Ushbu futbolchi bir necha mavsumdan buyon Gruziya chempionatida faoliyat yuritib kelgan. Bir nechta Superliga klublari ortda qolgan mavsumlarda ushbu futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirishgan, hattoki muzokaralar olib borilgan. Bundan ikki mavsum muqaddam futbolchi "Navbahor"ga oʻtishi mumkin edi. "Palmeyras" tarbiyalanuvchisi hisoblanadigan ushbu futbolchi asosan chap qanot vingeri va markaziy hujumchi pozitsiyalarida harakatlanadi. Futbolchi faoliyati davomida Chernogoriyaning "Lovchen", Rossiyaning "Rotor", Gruziyaning "Dinamo" Batumi klublarida oʻynagan. 2024 yildan boshlab Fransiyaning "Valansen" jamoasida oʻynamoqda. "Valansen" joriy mavsumda Fransiyaning "nasonal" ligasida ishtirok etmoqda (Liga 1 va Liga 2lardan keyingi uchinchi divizion hisoblanadi). "Valansen" oʻtgan mavsumda Liga 2da ishtirok etayotgandi, ammo jamoa liga yakunlariga koʻra soʻnggi 20-oʻrinni egallab, quyi ligaga ravon boʻldi. Flamarion Gruziya chempionatida 139 ta oʻyinda maydonga tushgan va 59 ta gol urgan. 23 marotaba assist qayd etgan. Bir mavsum quyi ligasida 32ta bahsda 24ta gol urgan. Rossiya Premer Ligasida esa 20ta oʻyinda, 4 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan.

Ushbu futbolchi ikki mavsum avvalgi sport formasini saqlab qolgan boʻlsa, "Paxtakor"ni kuchaytira olishi deyarli aniq. Futbolchi bunga qadar ham oʻzbek klublarining qiziqish doirasida boʻlgan. Fikrimcha, Flamarion "Paxtakor"da asosiy kreativchi vazifasini bajaradi va hujum chizigʻidagi asosiy futbolchilardan biriga aylanadi (agar bir necha mavsum avvalgi sport holatida boʻlsa).

4. Bashar Resan (Iroq)

Iroq terma jamoasi a'zosi "Paxtakor"ga oʻtishi dekabr oyining dastlabki sanalaridayoq aniq boʻlib ulgurgandi. Resan bunga qadar hozirgi kunga qadar Iroq milliy terma jamoasi safida 60ta uchrashuvda maydonga tushgan va 4 golga mualliflik qilgan. 28 yoshlik hujumkor yarim himoyachi faoliyati davomida "Eyr Fors", "Qatar SK", "Al Marhiya" va "Persepolis" klublarida faoliyat yuritgan. Iroq va Eron chempioni boʻlgan Resan OFK Kubogida gʻolib boʻlib, Osiyo Chempionlar Ligasida ikki bor finalga chiqqan. Futbolchi joriy mavsumda Iroq yulduzlar Ligasida 6ta va OChL 2 musobaqasida 4ta uchrashuvda maydonga tushdi. Futbolchi Iroq terma jamoasining JCh-2026 saralashidagi kuzda oʻtkazgan yigʻinlariga chaqiruv olmadi. Bir yil avval oʻtkazilgan Osiyo Kubogida ham bor-yoʻgʻi ikki uchrashuvda maydonga tushgan, Indoneziyaga qarshi kechgan 2-tur uchrashuvining 60 daqiqasida zaxiradan oʻyin qoʻshilgan boʻlsa, guruh bosqichining soʻnggi oʻyinida esa birinchi taymdan soʻng zaxiraga olingan. Resanning terma jamoadagi asosiy raqobatchilaridan biri Italiyaning "Komo" klubi a'zosi Ali Jassim. Katta iqtidorga ega yosh futbolchi, Bashar Resan asosiy tarkibdagi oʻrnini yoʻqotganining asosiy sababchisi hisoblanadi.

Koʻpchilik futbol muxlislari, Bashar Resanni Iroq terma jamoasi asosiy futbolchisi deya qabul qilishayotgandi, ammo Resan asosiy tarkib oʻyinchisi emas. Bashar Resan "Paxtakor"ni kuchaytira oladimi degan savol ham koʻpchilikda yoʻq emas. Iroqlik futbolchi oʻz darajasini namoyish eta boshlagandek, sababi Turkiyadagi yigʻinlar vaqtida oʻtkazilayotgan nazorat uchrashuvlarida oʻzini yaxshi namoyish etmoqda. "Turon"ga (Ozarbayjon) qarshi kechgan oʻyinda gol urdi va "Unirya Slobotsiya"ga qarshi oʻyinda raqib futbolchisi oʻz darvozasini ishgʻol etib qoʻyishiga sababchi boʻldi (deya xabar bermoqda "Paxtakor" klubi oʻz ijtimoiy tarmoqlarida), biroq nazorat uchrashuvining va Superliga bahslarining darajasi turli xil. Ushbu futbolchi nimalarga qodir ekanligi va transfer qanchalik toʻgʻri boʻlib chiqishini Superliga startidan soʻng bilib olamiz.

5. Igor Sergeyev

Soʻnggi mavsumlarni legioner sifatida oʻtkazgan terma jamoamiz a'zosi Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi kechgan oʻyinda jiddiy jarohat olgandi. Bu vaqt mobaynida futbolchi jarrohlik stoliga yotdi va uzoq vaqt davomida tiklandi. Sergeyev yozda "Patum Yunayted" bilan shartnomasini uzaytirgan edi, lekin dekabr oyida hujumchi "Paxtakor"ga qaytgani ma'lum boʻldi. Faoliyatining asosiy qismini "sherlar" safida oʻtkazgan Igor darajasini barcha biladi. Sergeyevni ta'riflash uchun ortiqcha gap-soʻzning keragi yoʻq, statistikaning oʻzi futbolchi uchun gapiradi, "Paxtakor" safidagi 180ta oʻyin va 102ta gol.

Igor Sergeyev jarohatidan forigʻ boʻlgan va imkon qadar tezroq optimal sport formasiga qaytib olishi kerak. Sergeyev yangi mavsumda chempionatimizning eng yaxshi toʻpurarlaridan biri boʻlishga nomzod.

P.S Mahmud Mahamadjonov oʻtgan mavsumda ham "Paxtakor" safida harakat qilgani tufayli u haqda toʻxtalib oʻtirmaymiz. "Paxtakor" Mahamadjonov uchun "Bunyodkor"ga 150 ming yevro pul toʻladi.

Moreyra yigʻayotgan "banda"

"Paxtakor" transferlar oynasida ancha faol boʻldi va koʻpgina futbolchilarni oʻz safiga qoʻshib oldi, transferlarning koʻp qismi yangi bosh murabbiy Moreyraga tanish boʻlgan oʻyinchilar boʻldi. Shu bilan Pedru Moreyra "Paxtakor"da kichik portugalzabon "banda"ni yaratdi. Ushbu futbolchilar jamoani haqiqatdan ham kuchaytira oladimi yoki portugaliyalik mutaxassis faqatgina oʻzi bilgan va tanigan futbolchilariga ishonadigan, ularni har doim oʻzi bilan "etaklab" yuradigan yana bir murabbiymi?

Klub prezidenti Jahongir Ortiqxoʻjayev biznesiga aloqador boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarda "Paxtakor" haqida xabarlar yozayotgan Humoyun Nigʻmatov X(sobiq tvitter) tarmogʻida yozishicha, klub jami 7ta transferni amalga oshirishni rejalashtirgan. Humoyun Nigʻmatov jamoaga aloqadorligi yoki klub tizimida qanday lavozimga ega ekanligi hozirgacha rasman e'lon qilinmagan.

"Paxtakor" yangi mavsumda xalqaro maydondagi musobaqalarda ishtirok etmaydi(OChL va OChL 2ning yangi mavsumlari), "sherlar" faqatgina Superliga va Oʻzbekiston Kubogi bahslariga bor e'tiborlarini qaratadi. Chempionlik uchun raqobatchi boʻlgan "Nasaf" Elit Osiyo Chempionlar ligasida, OKMK esa CAFA tashkil qilayotgan klublar oʻrtasidagi musobaqada qatnashadi. Chempionlik uchun kurashadigan faqatgina bir jamoa "Neftchi" faqatgina Superliga va Kubokda ishtirok etadi. "Paxtakor" faqatgina mahalliy musobaqalarda ishtirok etishi jamoaga qoʻl kelishi mumkin.

"Paxtakor" bir mavsum yoshlarga imkoniyat berib koʻrdi va ushbu eksperiment oʻzini oqladi deyish qiyin masala. Endi rahbariyat yangi loyihani boshlamoqda. Katta niyatlar va va'dalar bilan boshlanayotgan yangi bosqich yakunda qanday natijalarga olib kelishi barcha uchun qiziq. Jamoani fevral oyida Elit Osiyo Chempionlar ligasidagi jiddiy raqiblar kutib turibdi. Yangi mavsumda "yangi" "Paxtakor"ni kuzatib borish qiziqarli boʻlishi aniq.

Muallif: Abdulvosit Bektemirov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport