17:24 / 28.01.2025
754

Turki al ash-Shayx 2025 yil uchun nimalarni rejalashtirmoqda?

Turki al ash-Shayx 2025 yil uchun nimalarni rejalashtirmoqda?
2024 yil professional boks uchun chinakam burilish yili boʻldi. Bu koʻp jihatdan saudiyalik shayxlar va yakkakurashlar, umuman sportning asosiy qadrdoniga aylanib ulgurgan Turki al ash-Shayx bilan bogʻliq. U bir vaqtning oʻzida Oleksandr Usik va Tayson Fyuri oʻrtasida ikkita jang tashkillashtirishga, Dmitriy Bivol va Artur Beterbiyev oʻrtasida jang oʻtkazishga muvaffaq boʻldi. Va, aftidan, 2025 yil endigina boshlanganiga qaramasdan, Turkida allaqachon katta rejalar bor.

Turki al ash-Shayx
Foto: Getty Images

“Oʻylaymanki, shunday boʻladi, — deya javob berdi u boks tarixida yorqin yil boʻlishi haqidagi savolga. — Biz juda kuchli boshladik va allaqachon koʻplab shartnomalar tuzganmiz, lekin hammasini e'lon qilish uchun ideal vaqtni kutamiz”.

Aytish kerak boʻlgan birinchi narsa, albatta, Bivol bilan Beterbiyev oʻrtasidagi revansh jangi. Ikki rossiyalik chempion fevral oyida yana ringga koʻtariladi va ushbu superjangdan tashqari, turnir kardida yana oltita chempionlik jangi boʻladi. Daniel Dyubua, Shakur Stivenson, Chjan Chjiley, Hamza Shiraz va boshqa etakchi bokschilar Saudiya Arabistonidagi boks oqshomini bezashadi — bunday kardni tasavvur qilishni oʻzi ajoyib.

Artur Beterbiyev va Dmitriy Bivol
Foto: Getty Images

Aprel oyida Saudiya shayxlari kichik Kris Yubenk va Konor Benn boshchiligidagi turnirni rejalashtirgan. Ikki etakchi britaniyalik bokschi 2022 yilda toʻqnashishi kerak edi, ammo Benn taqiqlangan moddalarni iste'mol qilgani uchun diskvalifikatsiya qilingan. Bu qarama-qarshilikka bokschilarning otalari — Kris Yubenk va Nayjel Bennning oʻtmishi ham qiymat qoʻshadi. 90 yillarda ular Britaniya boksi tarixidagi eng mashhur qarama-qarshiliklardan birini boshlab bergan: birinchi jangda Yubenk Benni nokautga uchratib, chempionlik kamarini qoʻlga kiritgan va revanshda durang qayd etilgan. Endi ularning qarama-qarshiligidagi yangi tarix — oʻgʻillarning toʻqnashuvi, albatta, Britaniya jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotadi.

Kichik Kris Yubenk
Foto: Getty Images

May oyi oxirida, Turki al ash-Shayxning soʻzlariga koʻra, 5x5 formatida yana bir turnir oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bunday turnirning dastlabkisi 2024 yilda boʻlib oʻtgan, boks kechasida promouterlarning besh nafar vakili Eddi Hirn va Frenk Uorren bir-biriga qarshi kurash olib borishgan. Endi Turki uni yana takrorlamoqchi. Bundan tashqari, al ash-Shayx avgust oyidagi rejalarini promouterlar bilan muhokama qilmoqchi. Oktyabr va dekabr oylarida esa bizni ikkita yirik boks oqshomi kutmoqda, ular ustida ish olib borilmoqda. Shayx nomlarni oshkor etmayapti, lekin jarangdor turnir boʻlishi aniq.

Turki Devin Xeyni — Rayan Garsiya oʻrtasidagi shov-shuvli jang boʻyicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlaganini aytdi. Garsiyaning diskvalifikatsiya muddati tugaydi, shuning uchun 2025 yil oxirida yulduz bokschilar yana ringga chiqishlari mumkin boʻladi.

Albatta, Terens Krouford — Saul Alvares oʻrtasidagi potentsial jang Turkida yanada katta qiziqish uygʻotmoqda. Soʻnggi paytlarda jangni haqiqatan ham tashkil etishga harakat qilishayotgani va bokschilar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida gap-soʻzlar koʻpaymoqda. Kanelo buni bilvosita tasdiqladi, ash-Shayx ham jangga qiziqish bildirayotganini ta'kidlagan. Agar u manfaatdor boʻlsa, demak, toʻqnashuv ertami-kechmi boʻlib oʻtadi, buyogʻi faqat vaqt masalasi. 2025 yil esa ikki dunyo yulduzining jangini koʻrish uchun ideal vaqt boʻlishi mumkin.

Terens Krouford va Saul Alvares
Foto: Spors

Shuningdek, ash-Shayx yaqinda oʻzi tomonga ogʻdirgan asosiy yulduzlardan biri — Naoya Inoueni e'tiboridan chetda qoldirmasligini ta'kidladi. Ikki vazn toifasida mutlaq jahon chempioni 24 yanvar kuni Kim E Junga qarshi jang qildi va 4-raundda nokaut evaziga gʻalaba qozondi. Endi Turki yaponiyalik bokschini britaniyalik yengilmas chempion Nik Boll bilan toʻqnashtirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun Inoue yana bir vaznini koʻtarilishi kerak boʻladi, ammo bu Monstr laqabli sportchi uchun muammo tugʻdirmaydigan koʻrinadi.

“Qirollik” divizionisiz yilni yorqin deyish mushkul, albatta. Aynan super ogʻir vaznlilar 2024 yilda alohida e'tiborni tortdi va al ash-Shayx bundan keyin ham ogʻir vaznda shov-shuvli janglarni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Oleksandr Usik — Tayson Fyuri jangidan soʻng ukrainalik bokschi darhol Daniel Dyubua bilan ringda oʻziga xos sterdaun oʻtkazdi va aftidan, barcha tomonlar ushbu jangdan manfaatdor, bu esa uni oʻtkazish imkoniyatini oshiradi. Ammo Turkining oʻzi Usik uchun boshqa variantni koʻradi.

Oleksandr Usik va Daniel Dyubua
Foto: Getty Images

“Agar vaqtimiz boʻlsa, kelajakda Mozes Itaumuning Oleksandr Usikka qarshi jangini koʻrishni xohlayman. Albatta, vaqtimiz boʻlsa va Usik faoliyatini yakunlamas”, — deydi al ash-Shayx.

Shuningdek, Shayx Tayson Fyurini ham unutmadi. Britaniyalik bokschi Turkining sevimli sportchilaridan biri va garchi “Loʻlilar Qiroli” faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgan boʻlsa-da, al ash-Shayx uning ringga qaytishi uchun navbatdagi katta pul mukofoti shaklida jiddiy sabablar topa olishi mumkin. Unda esa Entoni Joshua bilan shov-shuvli jang oʻtkazish imkoniyati mavjud.

Turki al ash-Shayx oʻtgan yilda professional boks oqshomlari qanday boʻlishi kerakligini oʻrgatdi. Saudiya shayxlarining kuch-gʻayrati va puli tugab qolmasligiga shu bilan birga 2025 yilda ham barcha boks muxlislariga yanada yorqin va qiziqarli bellashuvlarni in'om etishiga umid qilamiz.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport