09:49 / 22.02.2025
35 717

“Roma”ning Eldor Shomurodov boʻyicha qarori oʻzgardi...

“Roma”ning Eldor Shomurodov boʻyicha qarori oʻzgardi...

Roma” Evropa ligasining pley-off bosqichi oʻtish oʻyinida kuchli raqib – “Portu”ni ortda qoldirib, keyingi bosqichga chiqdi va bosh sovrin uchun asosiy da'vogarlar qatorida e'tirof etilmoqda.

“Portu” bilan boʻlgan bahs Klaudio Raneri uchun alohida ahamiyat kasb etdi. 73 yoshli murabbiy Evropa miqyosida 21 yildan beri endigina pley-off bosqichida muvaffaqiyatga erishdi.

Italiya matbuotining yozishicha, “Portu”ning taslim etilishida Paulo Dibalaga gol urib, oʻyinda burilish yasash imkonini yaratib bergan Eldor Shomurodovning hissasi katta boʻldi.

- Eldor Shomurodov joriy mavsumning oʻzida ikki marotaba boshqa klublarga ketishga juda yaqin edi. Uni yozgi transferlar oynasining soʻnggi kunlarida AQShga – “Atalanta Yunayted” klubiga, yanvarda esa, Italiyaning boshqa jamoalariga berib yubormoqchi boʻlishgandi.

Xususan, A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio De Franchesko Eldorga shaxsan bogʻlanib, jamoasiga taklif qilgan va uning kelishini kutayotgandi.

Oʻzbek hujumchisi mavsum boshida “Empoli” va yanvarda “Ayntraxt”ga qarshi uchrashuvlarda muhim rol oʻynaganidan keyin “Roma” uni olib qoldi.

Shomurodov oʻziga imkon berilgan bellashuvlarda jamoaning muhim boʻlagiga aylana olishini namoyish qilmoqda. Eldor transferga qoʻyilgan oʻyinchidan “boʻrilar”ning qahramoniga aylanib boryapti, - deb yozmoqda Corriere dello Sport gazetasi.

Qizigʻi shundaki, Shomurodov oʻtgan yili yozda “Kalyari”dagi ijaradan qaytganidan keyin uni klubdan ketishini ta'minlash uchun bosh qotirib kelgan sport direktori Floran Gisolfining legionerimiz haqidagi fikri, pozitsiyasi va qarori oʻzgardi.

Ma'lumki, “Roma”ning asosiy hujumchisi Artyom Dovbik jarohati tufayli jamoaga yordam bera olmayapti. Floran Gisolfi ukrainalik futbolchi ahvoli haqida gapirib, uning oʻrnini Eldor Shomurodov toʻliq bosa olishini ta'kidladi.

- Dovbikning jarohati qanchalar jiddiy ekanini hali aniq bilmaymiz. Lekin vaziyat u qadar jiddiy emasligiga umid qilib turibmiz. Artyom shikastlangan, lekin bizda Eldor Shomurodov bor va u maydonda Dovbikning oʻrnini bosa oladi.

Shomurodov jamoaga yordam berishga tayyor, chunki u har doim oʻzini ishga 100 foiz bagʻishlaydi, - dedi sport direktori Floran Gisolfi.

Oldinda “Roma”ni A Seriyada “Montsa”ga qarshi muhim bahs kutib turibdi. Boʻlajak bellashuvda Eldor Shomurodov boshlangʻich tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.

26-turdan oʻrin olgan ushbu uchrashuvda “Olimpiko” arenasi mezbonlik qiladi. Oʻyin 24 fevraldan 25 fevralga oʻtar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da boshlanadi.

Eslatib oʻtamiz, joriy mavsumda Eldor Shomurodov A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida 22 marotaba maydonga tushib, oʻz hisobiga uchta gol va ikkita assist yozdirib qoʻydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”ning Eldor Shomurodov boʻyicha qarori oʻzgardi...