
Italiya kubogi yarim finali doirasidagi Milan derbisida «Inter» raqibi «Milan»dan yirik hisobda (0:3) yutqazganidan keyin jamoa bosh murabbiyi Simone Inzagi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Bu mag‘lubiyat uchun barcha muxlislarimizdan chin dildan uzr so‘raymiz. Albatta, bugungi natijadan juda afsusdamiz. «Milan» bugungi g‘alabasi bilan hurmatga munosib ekanini yana bir bor isbotladi. Birinchi bo‘limdan keyin jamoamizning vaziyatlaridan hisob ochilishi kerak edi, lekin bu amalga oshmadi va xafsalamiz pir bo‘ldi», — deydi Inzagi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘limdagi muvaffaqiyatsizlik asosiy rolni o‘ynagan: «Ikkinchi bo‘limda burchak zarbasidan gol o‘tkazib yubordik, bu holat jamoamizning ruhiyatiga salbiy ta’sir qildi. Shundan keyin o‘yinimiz ancha sustlashdi. Rostini aytsam, biz ketma-ket ikki uchrashuvda mag‘lub bo‘lishga ko‘nikib qolmaganmiz. Shu sababli, bu ikki mag‘lubiyatni jiddiy tahlil qilib chiqishimiz lozim», — deb ta’kidladi murabbiy.
Shuningdek, u oldingi bahs haqida ham fikr bildirdi: «Avvalgi turdagi «Bolonya»ga qarshi uchrashuvda ham yutqazishimiz kerak emasdi. Ammo bugun esa ikkinchi bo‘limda raqibimizga qarshi yetarli darajada jismoniy va ruhiy tayyorgarlik bilan chiqa olmadik. Agar De Vrey tomonidan kiritilgan gol hisobga olinganida, balki o‘yinni o‘zgartirish mumkin bo‘lardi. Lekin bu mavsumdagi so‘nggi beshta derbida bizga qiyinchilik tug‘dirgan «Milan»ning kuchini tan olishimiz lozim», — deya qo‘shimcha qildi Simone Inzagi.
Eslatib o‘tamiz, jamoalar o‘rtasidagi ilk bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangandi. Lekin ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, finalga chiqish baxti «rossonerilar»ga nasib etdi. Italiya kubogining hal qiluvchi final bahsida «Milan» jamoasi «Bolonya» — «Empoli» juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. Final uchrashuvi muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilayapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar