
«Manchester Siti» rahbariyati yozgi transfer oynasida yana faol harakatlarga tayyorlanmoqda. Ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola jamoani yangilashga kirishgan va o‘z talablariga to‘liq mos keladigan yangi futbolchilarni ko‘rib chiqmoqda.
«Shaharliklar» qishda markaziy himoyaga Abduqodir Husanov va Vitor Reysni, yarim himoya chizig‘iga Niko Gonsales hamda hujumga Umar Marmushni olib kelgan edi. Biroq shu pozitsiyalarga yana qo‘shimcha transferlar qilish masalasi yopilgani yo‘q va yozda bu sohalar yanada mustahkamlanishi mumkin.
Cityxtra.co.uk nashrining yozishicha, «Manchester Siti» markaziy himoya chizig‘ini yanada kuchaytirish uchun «Liverpul»ning fransuz futbolchisi Ibrohim Konate vaziyatini diqqat bilan kuzatib kelmoqda.
Joriy mavsumda Konate «qizillar» safida Virjil van Deyk bilan ajoyib juftlik tashkil qilib, murabbiy Arne Slot qo‘l ostida Premer-liga sovrinini qo‘lga kiritishda asosiy o‘yinchilardan biri bo‘ldi.
Gvardiola o‘z himoyachilarining jihatlaridan to‘liq qoniqmayapti. Mavsum davomida Jon Stounz, Natan Ake va Manuel Akanjining tez-tez jarohat olishi jamoaning umumiy natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi tarkibda eng barqaror himoyachi Yoshko Gvardiol bo‘lib qolmoqda, lekin u markaz va qanot himoyasi orasida o‘zgarib turishga majbur.
Klubning yangi sport direktori Xosep Gvardiolaning talablarini inobatga olgan holda transfer oynasiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Angliyalik futbol ekspertlari Grem Beyli va Jeyms Brukning fikricha, «Liverpul» rahbariyati shartnomasi kelasi yil yakunlanadigan Konate bilan yangi bitim muzokaralarini kechiktirgani «Siti» uchun qulay vaziyat yaratdi. «Shaharliklar» bunday imkoniyatdan samarali foydalanib qolishga harakat qilishmoqda.
Ekspertlar, shuningdek, «Manchester Siti» himoya markaziga kelajak uchun Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi yosh futbolchilarni olib kelganini qayd etishgan. Bu futbolchilar Yoshko Gvardiol va Ruben Diashning o‘rnini bosishi mumkin, ammo hozircha tajriba masalasi ularning asosiy tarkibdan o‘rin egallashiga xalaqit qilmoqda.
«Shaharliklar»ning yoshartirish strategiyasi doirasida yoshi va jarohatlarga moyilligi sabab Jon Stounz, Natan Ake va Manuel Akanji kabi futbolchilardan voz kechishi mumkinligi aytilmoqda. Bunday holatda 25 yoshli Konate transferi juda o‘rinli bo‘ladi.
Biroq bunday tajribali futbolchilarning kelishi yosh iqtidorlar Abduqodir Husanov va Vitor Reysning o‘yin amaliyotiga salbiy ta’sir qilishi aniq. Masalan, Abduqodir Husanov Manchesterga kelganidan beri to‘qqizta o‘yin o‘tkazganiga qaramay, so‘nggi bir yarim oyda maydonga tushirilmagan. Gvardiola so‘nggi ikki bahsda o‘zbekistonlik futbolchini hatto o‘yin qaydnomasiga ham kiritmadi.
Fevral oyida klubning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan Abduqodir Husanov uchun yana asosiy tarkibga qaytish uchun ko‘p mehnat talab etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, «Siti»da raqobat hech qachon oson bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham.
Manchester SitiXosep GvardiolaIbrohim KonateAbduqodir HusanovYoshko GvardiolFutbol Transferlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar