date
views 475

Arafot tog‘ida o‘zbekistonlik hojilar O‘zbekiston milliy jamoasi uchun g‘alaba so‘rashdi! (video)

Arafot tog‘ida o‘zbekistonlik hojilar O‘zbekiston milliy jamoasi uchun g‘alaba so‘rashdi! (video)
Ayni kunlarda butun dunyodagi millionlab musulmonlar bilan birgalikda o‘zbekistonlik ziyoratchilar ham muqaddas Haj amallarini ado etmoqda. Bugun Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligidagi vatandoshlarimiz Arafot tog‘idagi ziyoratlari vaqtida futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning muhim o‘yinida g‘alaba qozonishi uchun samimiy duo qilishdi.

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov shunday deb ta’kidladi:

«Bu oddiy futbol o‘yinidan ko‘proq narsa. Bu o‘yin orqali Vatanimiz sharafi, millatimiz g‘ururi ko‘tariladi. Terma jamoamiz bizdan, butun xalqimizdan duo umid qilmoqda. Ilohim, Alloh taolo futbolchilarimizning qadamlarini mustahkam qilsin, ularga kuch-quvvat va g‘alaba nasib etsin. Biz butun qalbimiz bilan ularni qo‘llab-quvvatlaymiz va ular uchun muvaffaqiyatlar tilaymiz. Alloh ularni barcha yomonliklardan, ofatlar va hasadgo‘y ko‘zlardan O‘zi asrasin. Yurtimizning nomini butun dunyoga yoyishda ularga yordam bersin».

Shu tariqa, musulmon olami uchun eng muqaddas sanalgan Arafot tog‘ida o‘zbekistonlik hojilarimiz milliy jamoamizga samimiy qo‘llab-quvvatlash va duolar bilan yordam berishmoqda. Bu esa futbolchilarimizning ruhiy holati va motivatsiyasi uchun qo‘shimcha kuch bo‘lishi shubhasiz.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston milliy futbol jamoasi ayni damda jahon chempionatiga chiqish uchun muhim pallada turibdi. Bugun, 5 iyun kuni milliy terma jamoamiz Abu-Dabi shahrida BAA termasiga qarshi hal qiluvchi o‘yinni o‘tkazadi. Agar ushbu bahsda jamoamiz g‘alaba qozonsa yoki durang natija qayd etsa, 2026 yili AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Timur Kapadze boshchiligidagi terma jamoamiz uchun bu o‘yin nafaqat tarixiy ahamiyat kasb etadi, balki butun xalqimizning umidlari ham aynan shu bellashuv natijasiga bog‘langan. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00da start oladi va «Futbol TV» hamda «Sport TV» telekanallari orqali jonli efirda muxlislarga taqdim etiladi.

O‘yin oldidan barcha vatandoshlarimiz milliy terma jamoamizga katta ishonch bildirib, duolar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Ilohim, ushbu duolar ijobat bo‘lib, jamoamiz orzudagi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritsin!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arafot tog‘ida o‘zbekistonlik hojilar O‘zbekiston milliy jamoasi uchun g‘alaba so‘rashdi! (video)