“Manchester Siti” tarkibida yetishayotgan yosh himoyachi Kallum Doylning yangi manzili ma’lum bo‘ldi. Angliya klubi uni Chempionshipda ishtirok etayotgan “Reksxem” jamoasiga rasman sotdi.
21 yoshli markaziy himoyachi yangi jamoasi bilan uzoq muddatli kelishuvga erishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u 2029 yil yozigacha “Reksxem” sharafini himoya qiladi. Bu transfer orqali Uels klubi himoya chizig‘ini kuchaytirish bilan birga, yosh futbolchiga asosiy tarkibda muntazam o‘ynash imkoniyatini ham taqdim etmoqda.
Jurnalist Ben Jeykobsning ta’kidlashicha, “Siti” ushbu kelishuvdan 7,5 million yevro daromad qiladi. Shu bilan birga, klub o‘z tarbiyalanuvchisining keyingi transferidan 25 foiz ulush olish huquqini ham saqlab qoldi. Bu esa “shohona klub”ning yosh iste’dodga bo‘lgan ishonchi va uning kelajakda katta bozor qiymatiga ega bo‘lishiga ishora sifatida qabul qilinmoqda.
Kallum Doyl o‘tgan mavsumda ijara asosida “Norvich” safida harakat qilgan edi. U 40 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Mazkur ko‘rsatkichlar 21 yoshli himoyachi uchun yuqori samaradorlik hisoblanadi.
“Reksxem”ning bu transferi nafaqat chempionatda o‘z o‘rnini mustahkamlash, balki jamoa tarkibini kelajak uchun qurish yo‘lida ham muhim qadam sifatida baholanmoqda. Muxlislar esa yangi mavsumda Doylning o‘z mahorat va qobiliyatini namoyon qilishiga katta qiziqish bilan qarashmoqda.
Shu tariqa, “Manchester Siti” navbatdagi yosh iste’dodini yangi yo‘lga yo‘llagan bo‘lsa, “Reksxem” esa o‘z safini yanada kuchaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Bu transfer ikki klub uchun ham manfaatli va istiqbolli kelishuv sifatida ko‘rilmoqda.
"Manchester Siti" o‘z markaziy himoyachisini sotib yubordi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar