Bundesligada “Ayntraxt” klubi sharafini himoya qilayotgan 22 yoshli himoyachi Nataniel Braun Angliya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xosep Gvardiola qishki transferlar oynasida Braunni “Manchester Siti”ning chap qanot himoyasiga olib kelishni rejalashtirmoqda. Eslatib o‘tish joiz, ushbu pozitsiyaga yozda marokashlik futbolchi Rayan Ayt-Nuri jalb etilgan edi, biroq uning jarohati tufayli ayni damda bu joyda asli yarim himoyachi bo‘lgan Niko O’Rayli o‘ynab turibdi.
Caught Offside nashrining qayd etishicha, “shaharliklar” Braun uchun Londonning “Arsenal” klubi bilan raqobatga kirishi mumkin.
Nataniel Braun aslida “Nyurnberg” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Frankfurtliklar uni 2024-yil yozida 3 million yevroga transfer qilgan edi. Shundan beri yosh himoyachi barcha turnirlarda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi ishonchli harakatlari bilan birga 3 ta gol va 7 ta assist bilan jamoasiga katta yordam ko‘rsatdi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Braunning bozor qiymati 22 million yevroga baholanmoqda. Shu bilan birga, uning “Ayntraxt” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil yarmiga qadar amal qiladi.
Shu tariqa, qishki transfer oynasida Yevropa futbol bozorida qizg‘in tortishuvlardan biri aynan Braunning kelajagi bilan bog‘liq bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!