Portugaliyalik tajribali mutaxassis Ruben Amorimdan “Manchester Yunayted”ning muxlislari katta umid qilgandi. Ammo real voqelik umidlardan ancha uzoq chiqdi. Jamoa yana inqiroz girdobida qolmoqda, murabbiy esa ayni vaziyatdan chiqish yo‘lini topa olmayapti.
Angliya Premer-ligasining oltinchi turida “qizil iblislar” safarda “Brentford”ga qarshi maydonga tushdi va kutilmagan holda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu mag‘lubiyatdan keyin “Manchester Yunayted” jadvalda 14-pog‘onaga tushib ketdi. Bu raqam jamoaning nufuziga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi va muxlislar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Centredevils nashri tarqatgan xabarlarda ta’kidlanishicha, Amorim “Old Trafford”dagi turli muvaffaqiyatsizliklar va ichki bosimlardan keyin ruhan “sinib” qolgan. Uning jamoadagi kayfiyati va ish uslubida oldingi ishonchli va qatiyatli Amorimdan asar ham qolmagani aytilayapti.
Klub ichidagi insayderlar esa murabbiyga nisbatan “yolg‘iz odam” degan ta’rifni qo‘llay boshlagan. Bu atama uning jamoa bilan to‘liq uyg‘unlik topa olmayotganini va kerakli qo‘llab-quvvatlashdan yiroq ekanini ko‘rsatib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Ruben Amorim Portugaliyada “Sporting” bilan katta natijalarga erishib, mashhurlikka ega bo‘lgandi. U o‘tgan yil noyabr oyida “Manchester Yunayted” rahbariyati taklifiga ko‘ra klub bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Biroq qariyb bir yil davomida u jamoani inqirozdan chiqara olmadi, aksincha natijalar yanada yomonlashib boryapti.
Hozirgi holatda “Manchester Yunayted” uchun mavsumning keyingi qismi qanday kechishi va Amorimning lavozimi qancha vaqtgacha saqlanishi katta savol ostida turibdi. Muxlislar esa klub tarixidagi navbatdagi murabbiy almashinuvi haqidagi mish-mishlarni kundan kunga ko‘proq muhokama qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!