date

Qozog‘istonliklar Kannavaroga ishonch bildirdi va o‘zbeklarga omad tiladi

Qozog‘istonliklar Kannavaroga ishonch bildirdi va o‘zbeklarga omad tiladi

Qozog‘iston media makonida italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaroning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi keng muhokama qilindi, deb yozadi Qsport yutub-kanali. Nashr o‘z chiqishida mazkur qarorni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo futboli uchun yangi davr boshlanishi sifatida baholadi.

“Fabio Kannavaro — O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi ustozi. U jahon chempioni, futbol afsonasi. Ammo jamoa qayerga yo‘nalganini tushunish uchun, avval qayerdan kelganini unutmaslik kerak”, — deydi videorolik muallifi.

Qsport tahlilida ta’kidlanishicha, asosiy va eng og‘ir ishni Srechko Katanes bajargan — u jamoani tuzdi va saralash bosqichlaridan o‘tkazdi. Keyin Timur Kapadze mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, ishni muvaffaqiyatli yakunladi hamda O‘zbekistonni tarixda ilk bor jahon chempionatiga olib chiqdi.

Endilikda esa boshqaruvni jahon futbolida katta nom qozongan Fabio Kannavaro qo‘lga oldi. Qozog‘istonlik jurnalistlar buni tabiiy qadam, deb baholashsa-da, ba’zilar “faqat jahon chempioni bo‘lgan murabbiy avtomatik ravishda sovrinlar olib kelmaydi”, degan fikrni ham bildirishgan.

Mazkur videoga kelgan izohlarni jamlab, ulardan ayrimlarini o‘quvchilarga taqdim etamiz.

Foydalanuvchilarning aksariyati O‘zbekistonga muxlislik bildirib, o‘z fikrlarini ilgari surgan:

– “O‘zbek futboli hali jahonga nimalarga qodirligini ko‘rsatadi. Omad tilayman!” — deydi tojikistonlik muxlis.

– “O‘zbeklarga ofarin. Ular uchun xursandman, Qozog‘iston sizlarga muxlislik qiladi”, — deb yozadi boshqa foydalanuvchi.

– “Kannavaroga ishonaman, u jamoani uzoqqa olib boradi. O‘zbekiston mundialda kamida bitta g‘alaba qozonishi mumkin”, — degan fikrlar ham bor.

Ba’zilar yumor bilan munosabat bildirishgan:

– “Nega barcha bosh murabbiylar familiyasi ‘Ka’ bilan boshlanadi? Katanes, Kapadze, Kannavaro... ehtimol, keyingi — Kaka bo‘lar?” — deb yozgan foydalanuvchi.

Shu bilan birga, ayrimlar ehtiyotkor fikr bildirgan:

– “Kannavarosiz ham O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqdi. Endi asosiysi — munosib ishtirok etish.”

– “Jamoa muvaffaqiyatining o‘n foizi murabbiyga bog‘liq, qolgani o‘yinchilar qo‘lida”, — deb yozgan boshqa muxlis.

Qozog‘istonlik sport muxlislari umumiy fikrda yakdil: O‘zbekistonga hurmat katta, Kannavaro esa nafaqat jamoani, balki butun mintaqani yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatiga ega.

Shunday qilib, qo‘shni davlatdagi muhokamalar nafaqat qiziqish, balki O‘zbekiston futboliga nisbatan chin do‘stona munosabatni ham yana bir bor namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozog‘istonliklar Kannavaroga ishonch bildirdi va o‘zbeklarga omad tiladi