Kannavaro terma jamoaning Dubaydagi yig‘inini juda muhim deb baholadi

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Dubayda o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini haqida gapirib, bu jarayon nafaqat jamoa, balki murabbiylar shtabi uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Italiyalik mutaxassisning aytishicha, yig‘in oldidan u va uning shtabi oxirgi to‘rt oy davomida ichki chempionat o‘yinlarini juda yaqindan kuzatgan. Kim qanday formada, kim qanday o‘sishda, kim qaysi pozitsiyada o‘zini yaxshi his qiladi — hammasi diqqat markazida bo‘lgan. Ammo yig‘inning eng katta yutug‘i — futbolchilarni “faqat tribunadan” emas, bevosita maydonda, mashg‘ulotda, ruhiyatda ko‘rish imkoniyati bo‘lgani.
Kannavaro yig‘in davomida har bir futbolchi bilan yakka tarzda suhbatlashganini ham ochiq aytdi. Sababi oddiy: u faqat talab qo‘yishni emas, futbolchining fikrini eshitishni ham muhim deb biladi. Murabbiy uchun bu — jamoani bir tizimga solish, futbolchilar uchun esa — o‘zini haqiqiy ishonchda his qilish degani.
Murabbiy suhbatlarda oldimizda katta maqsadlar borligini alohida urg‘ulagan: Jahon chempionati ham, Osiyo Kubogi ham — ikkisi ham jiddiy tayyorgarlik talab qiladi. Shuning uchun “hozir tayyorman” degan kayfiyat emas, “hamma vaqt tayyor turish” odati shakllanishi kerak.
Kannavaro yana bir muhim fikrni ham aytdi: har bir futbolchi o‘zini milliy jamoa loyihasining to‘liq qismi deb his qilishi shart. Chunki futbolda vaziyat bir zumda o‘zgarishi mumkin — ikki-uchta jarohat, forma tushib ketishi yoki taktik reja almashishi… va bir paytning o‘zida yangi nomlar sahnaga chiqadi. Shu sababli murabbiy futbolchilarga “Jahon chempionatiga borish uchun imkoniyat faqat tanlanganlardagina emas — o‘zini tayyorlagan har kimda bor” degan g‘oyani singdirmoqchi.
Yakunda Kannavaroning xulosasi aniq: Dubay yig‘ini futbolchilar uchun ham, murabbiylar shtabi uchun ham foydali bo‘lgan. Eng keraklisi — raqobatni sog‘lom qilish, har kimni uyg‘oq holatda ushlash va katta musobaqalar oldidan jamoani bir maqsad atrofida jipslashtirish.
Qisqasi, “o‘rtoqona yig‘in” emas — real seleksiya va real tayyorgarlik. Endi esa maydondagi natija ham shu kayfiyatga mos bo‘lishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!