Allegri mavsum taqdiri aynan hozir hal bo'lishini aytdi

"Milan" bosh murabbiyi Massimiliano Allegri "Komo"ga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida qatnashdi. A Seriyaning 24-turidan qoldirilgan bahs 18-fevral kuni bo'lib o'tadi, start hushtagi 00:45 da (Toshkent vaqti bilan) chalinadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mavsumning hal qiluvchi qismi haqida gapirgan Allegri so'nggi uch oy chempionat taqdirini belgilashini ta'kidladi. Uning aytishicha, jamoada xatoga o'rin deyarli qolmagan, "Komo" esa hali ham Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurashayotganini inobatga olib, o'yinga maksimal darajada tayyorlanish va diqqatni jamlash zarur.
VAR atrofidagi bahslar yuzasidan murabbiy bu mavzuda ko'p gapirilganini, endi esa asosiy e'tibor o'z jamoasiga qaratilishi kerakligini bildirdi. Allegri futbol doim bahsli vaziyatlarga boy bo'lib kelganini eslatib, tizimni yaxshilash ustida malakali mutaxassislar ishlashi eng muhim ekanini qo'shimcha qildi.
Shuningdek, Allegri tarkibda jiddiy jarohat muammolari yo'qligini aytdi. Faqat diskvalifikatsiya sababli Rabio ushbu uchrashuvda maydonga tushmaydi.
Hozirda "Milan" 53 ochko bilan ikkinchi o'rinda bormoqda. "Komo" esa 41 ochko bilan yettinchi pog'onada.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!