Toshkentda Bo‘zsuv kanaliga o‘zini tashlagan qizni inspektorlar qutqarib qoldi

Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanaliga o‘zini tashlagan qiz profilaktika inspektorlari tomonidan qutqarib qolindi. Ushbu jarayonda voqea guvohi bo‘lgan fuqaro ham yordam bergan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea kanalning aholi sayr qilishi va hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallanmagan yopiq qismida sodir bo‘lgan. Hududdan o‘tib ketayotgan fuqaro kanal bo‘yida turgan qizni ko‘rgan. Birozdan so‘ng u suvga sakragan. Buni ko‘rgan fuqaro qutqaruv vositasini olib kelib, «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Xabar kelib tushgach, profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib borgan. Ular kuchli oqim va aylanma harakatlar mavjud bo‘lgan hududni tekshirish davomida qizni kanalning chekka qismida topgan.
Inspektorlardan biri suvga tushib, qizni qutqarishga kirishgan, ikkinchi xodim esa uni suvdan chiqarishga yordam bergan. Qiz ko‘p miqdorda suv yutib yuborgani sababli unga voqea joyida birinchi yordam ko‘rsatilgan va 5-sonli shahar shifoxonasiga olib borilgan.
Shifoxonadagi tibbiy yordamdan keyin qizning ahvoli barqarorlashgan. Uning shaxsi aniqlanib, Yangiyo‘l tumanida yashovchi ota-onasiga xabar berilgan. Keyinchalik qiz ota-onasiga topshirilgan.






























Izohlar 0
…