“Marsel” logotipi yangilanishi muxlislar tanqidiga uchradi

Fransiyaning mashhur «Olimpik Marsel» klubi o‘z brendini yangilash maqsadida logotip dizaynini o‘zgartirishga qaror qildi. Biroq ushbu tashabbus kutilganidek iliq qabul qilinmadi va muxlislar tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Maʼlum qilinishicha, yangi logotip ustida ishlash jarayoni ancha jiddiy va puxta yondashuv asosida amalga oshirilgan. Loyiha uchun 2025 yil may oyida Fransiya Milliy sanoat institutiga rasmiy murojaat yo‘llangan. Bir yillik mehnatdan so‘ng, «Art Deko» uslubidagi yangi variant ishlab chiqildi va uning rasmiy taqdimoti 8 aprelga rejalashtirilgan edi.
Biroq, taqdimotga ulgurmay turib, logotip ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi va muxlislar tomonidan qattiq eʼtirozlarga uchradi. Ayniqsa, dizaynning zamonaviy uslubi ko‘pchilikka maʼqul kelmadi.

Qizig‘i shundaki, rebrending ustida ishlagan agentlik yangi logotipni yaratishda “Pejo” va “Sitroyen” kabi mashhur avtomobil brendlaridan ilhomlanganini taʼkidlagan. Bu esa muxlislar noroziligini yana-da kuchaytirdi.
«Biz futbol klubimiz, avtomobil dileri emasmiz», — degan fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ko‘plab muxlislar klubning oltin davrlarini eslab, ayniqsa Bernar Tapi rahbarligida bo‘lgan yillardagi anʼanaviy logotipni qaytarishni talab qilmoqda.
Shu tariqa, “Marsel” rahbariyati uchun bu rebrending katta saboq bo‘lishi mumkin. Chunki futbolda nafaqat natija, balki anʼana va ramzlar ham muxlislar uchun juda muhim ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!