Bernardu Silva "Manchester Siti" bilan vidolashuv haqida gapirdi

"Manchester Siti" yarimhimoyachisi Bernardu Silva mavsum yakunlangach klubni tark etishini maʼlum qildi va muxlislarga samimiy murojaat yo‘lladi.
U o‘z nutqida “shaharliklar” safida o‘tgan to‘qqiz yilni hayotining eng muhim davri sifatida esladi. Uning aytishicha, klub unga orzu qilganidan ham katta yutuqlar va xotiralar bergan:
- “Shaharliklar”! Bu yerga to‘qqiz yil avval kelganimda, hayotda muvaffaqiyat qozonish, katta ishlar qilish kabi kichik bolaning orzusiga ergashgan edim. Bu shahar va bu klub menga bundan ham ko‘proq narsa berdi. Hatto orzu qilishga jurʼat etganimdan ham ko‘proq", - deb yozdi Silva.
Silva ushbu davrda qo‘lga kiritilgan natijalarni sanab o‘tdi: 100 ochkolik mavsum, ichki kvadrupl, Chempionlar Ligasi triumfi va ketma-ket to‘rtta chempionlik kabi tarixiy yutuqlar uning faoliyatida muhim o‘rin tutadi:
- “Biz birga qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz — bu yuragimda abadiy qoladigan meros. Yuz ochkolik mavsum, ichki kvadrupl, trebl, ketma-ket to‘rt chempionlik va yana ko‘plab yutuqlar… Yomon chiqmadi", - deb yozdi Silva.
Futbolchi shuningdek, Manchester shahrida oila qurganini va bu yer uning ikkinchi uyiga aylanganini taʼkidladi. U hayotidagi muhim insonlar — oilasiga ham alohida minnatdorlik bildirdi:
- “Bir necha oydan so‘ng men nafaqat klub sifatida shuncha g‘alabalarga erishgan, balki men oilaviy hayotimni boshlagan va oila qurgan shahar bilan xayrlashish vaqti keladi. Chin yurakdan — Ines va Karlota, sizlarga rahmat!
Muxlislarga: sizlarning bu yillar davomidagi beqiyos qo‘llab-quvvatlashingiz — men hech qachon unutmaydigan narsa. Futbolchi sifatidagi asosiy maqsadim har doim maydonga ishtiyoq bilan chiqish, sizlar bizning orqamizdan faxrlanishingiz va maydonda manfaatlaringiz munosib himoya qilinayotganini his qilishingiz edi. Umid qilamanki, har bir o‘yinda shuni his qilgansiz", - deb yozdi Silva.
Pep Gvardiola va butun klub xodimlariga hamda jamoadoshlariga minnatdorlik bildirgan Silva, bazadagi muhit unga oiladek tuyilganini aytdi:
- “Klubga, Pepga, barcha xodimlarga va shu to‘qqiz yil davomida birga bo‘lgan jamoadoshlarimga — barcha xotiralar va menga bu yo‘lning bir qismi bo‘lish imkonini berganingiz uchun rahmat.
Mashg‘ulot bazasida har kuni yaratgan muhitimiz menga o‘zimni uydagidek his qilishimga — katta bir oilaning bir qismi ekanimni anglashimga yordam berdi", - deb yozdi Silva.
U muxlislarga ham alohida to‘xtalib, ularning qo‘llab-quvvatlovi unga har doim kuch berganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maydonda har safar klub shaʼnini himoya qilish uning asosiy maqsadi bo‘lgan:
- “Keling, bu so‘nggi haftalardan birgalikda zavqlanaylik va mavsum bizga yana nimalar berishi mumkin bo‘lsa, barchasi uchun kurashaylik", - deb yozdi Silva ijtimoiy tarmoqda.
Silva klubni tark etsa-da, “Manchester Siti”ning umrbod muxlisi bo‘lib qolishini taʼkidladi. U jamoaga ishonch bildirib, kelajakda yana ko‘plab sovrinlar kutilayotganini aytdi:
- “Men klubga “Manchester Siti” o‘yinchisi sifatida kelganman, ammo ketar ekanman — umrbod “Manchester Siti” muxlisi bo‘lib qolaman. Bu yosh jamoani qo‘llab-quvvatlashda davom eting, ishonamanki, kelajakda u sizlarga yana ko‘plab ajoyib xotiralar taqdim etadi", - deb yozdi Silva ijtimoiy tarmoqda.
Hozir esa futbolchi mavsumning so‘nggi haftalarini to‘liq kuch bilan o‘tkazishga va jamoa bilan birga yana g‘alabalar uchun kurashishga tayyor ekanini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!